Fransiyaning Parij shahrida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan “Katta dubulg‘a” musobaqasida dunyoning 111 mamlakatidan 667 nafar sportchi ishtirok etdi va ular medallar bilan bir qatorda Olimpiada va jahon reytingining ochkolari uchun bahs olib bordi.

Turnirda vazni 100 kilogrammdan ortiq bo‘lgan polvonimiz Alisher Yusupov bronza medalini qo‘lga kiritdi. Alisher mazkur medal uchun o‘tgan bellashuvda gruziyalik Irakli Demetrashvilini mag‘lubiyatga uchratdi. Shuningdek, musobaqaning o‘tgan kungi bahslarida terma jamoamizning yana bir a’zosi Shahram Ahadov 73 kilogrammgacha vazn toifasida ishtirok etib, bronza medaliga ega chiqdi.

Shu tariqa, terma jamoamiz Parij “Katta Dubulg‘a” turnirini ikkita bronza medali bilan yakunladi. Mazkur medallarni qo‘lga kiritgan Shahram va Alisher polvon Olimpiada va jahon reytingi uchun qimmatli 500 ochkoni  o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA