O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq,“Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda:

eng faol ijtimoiy xodimni adolatlilik, xolislik, oshkoralik va kollegiallik prinsiplari asosida aniqlash;

hududiy va respublika komissiyalari tomonidan ko‘rik-tanlovning tegishlicha hududiy saralash va respublika final bosqichlarini o‘tkazish hamda g‘oliblarni aniqlash;

ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash tartibi hamda ularga beriladigan imtiyozlar belgilab berilgan.

Ko‘rik-tanlov hududiy saralash va respublika final bosqichlaridan iborat bo‘ladi.

Ko‘rik-tanlovda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ijtimoiy xodimlar, ijtimoiy xodim assistentlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlardagi xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori bo‘yicha ijtimoiy xodimlar ishtirok etadi.

“Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish bo‘yicha hududiy komissiyalar tarkibi Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari tomonidan, respublika komissiyasi tarkibi esa Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.

Ko‘rik-tanlovning respublika final bosqichi g‘olib va sovrindorlari bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti bilan quyidagicha taqdirlanadi:

1 – o‘rin uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 baravari miqdorida;

2 – o‘rin  uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 15 baravari miqdorida;

3 – o‘rin  uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida.

O‘zA