O‘tgan yil 6 fevral kuni Turkiyada ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida 50 mingdan ko‘p fuqaro hayotdan ko‘z yumdi, 110 ming qardoshimiz jarohatlandi. “Asr falokati” deya nomlangan bu ofat nafaqat insonlarni hayotdan olib ketdi, behisob mol-mulk yo‘qolishiga sabab bo‘ldi, balki 11 shahar, viloyatni umuman yashab bo‘lmaydigan holatga keltirdi. Infratuzilma – yo‘l, fabrika, maktab, shifoxona, bozor, ish idoralari vayron bo‘ldi.

Mamlakat Favqulodda vaziyatlar davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, jami 14 million fuqaro jabr ko‘rgan yer qimirlashi 124 tuman, 7 mingga yaqin qishloq va mahallani vayron qildi.

Xatay zilzila qurbonlari va vayron bo‘lgan binolar bo‘yicha eng ko‘p zarar ko‘rdi. Shu bois, hududda barpo etilgan uy-joy uchun qur’a tashlash va g‘oliblarga kalitlarni topshirish marosimi aynan Xataydan boshlandi.

“Asr falokatidan asrlar birligigacha” shiori ostida zilzilada uy-joyidan ayrilgan eng muhtoj fuqarolarga xavfsiz, issiq uy-joy qurib berilyapti. Hududda qurila boshlangan 46 ming uydan birinchi bosqichda 7275 xonadon kaliti Mustafo Kamol universiteti sport zalida Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an ishtirokida o‘z sohibiga taqdim etildi.

Davlat rahbari jami 650 ming kishi qutqaruv ishida qatnashganini alohida qayd etib, maqsad har oy 15-20 ming uy va qishloq binosini qonuniy egalariga topshirish ekanini ta’kidladi.

– Zilziladan ikki kun o‘tib Xatayga kelganimizda ko‘zlarimiz duch kelgan manzarani unutmaganmiz va hech qachon unutmaymiz, – dedi Erdog‘an. – Xatayda 7 275 nafar aholiga uy beryapmiz. Viloyat bo‘ylab qad ko‘tarayotgan xonadonlar ham qurib bitkazilgach, bosqichma-bosqich taqsimlanadi.

Turkiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi xabar berishicha, yil oxirigacha 200 ming uy topshiriladi. Poydevor qo‘yilgandan keyin, qurilish bir yil ichida yakunlanadi.

Turkiya yetakchisi tadbirda mamlakatni har tomonlama rivojlangan o‘nta davlat qatoriga kiritish jarayoni jadal bosqichda ekanini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Prezident Xatay o‘quv-tadqiqot kasalxonasi hamda “Iskenderun” davlat shifoxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

B.Xudoyberdiyev tayyorladi.

O‘zA