Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 5,5 milliondan ortiq oila o‘z tomorqa xo‘jaligiga ega. 505 ming gektardan ortiq yer ular ixtiyorida. 2024 yilning 1 yanvar holati bo‘yicha dehqon va shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida 12,8 million boshdan ortiq yirik shoxli qoramol, 18,7 million bosh qo‘y va echki mavjud.

MDH davlatlararo statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mustaqil ravishda band bo‘lish tufayli olinadigan daromad ulushi 2022 yilda Qozog‘istondagidan 4,2 barobar, Qirg‘izistondagidan 2,4 barobar va Tojikistondagidan 1,7 barobar ko‘p bo‘lgan.

2023 yilda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari umumiy hajmining 63,1 foizi dehqon va tomorqa xo‘jaliklarining hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shundan dehqonchilik mahsulotlarining ulushi 37,9 foiz va chorvachilik mahsulotlarining ulushi esa 88,4 foizdir.

Shuningdek, hududlar kesimida dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida go‘sht yetishtirish bo‘yicha eng yuqori ulush Qashqadaryo viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatida kuzatildi. Mazkur toifadagi xo‘jaliklarda sut ishlab chiqarish bo‘yicha eng yuqori ulush Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etildi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida bundan keyin ham dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash belgilangan. Unga asosan subsidiyalash tizimini joriy etish, shuningdek, barcha subsidiyalarni “Agrosubsidiya” yagona platformasi orqali «bir qadam» tamoyili asosida berish rejalashtirilgan. Bun dehqon va shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashda eng muhim mezondir.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA