Prezidentimiz tomonidan 2023 yilning 21 dekabrida qabul qilingan “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga quyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, mamlakatimizda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyati joriy qilinib, “mahalla yettiligi” tizimi tashkil etildi.
Mazkur farmon va qaror bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va “mahalla yettiligi”ning asosiy vazifalari belgilab berildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi mas’ullari tomonidan joriy yilning 30 yanvar sanasidan mazkur tadbirlar belgilangan reja asosida tashkil etilmoqda. O‘quv-seminarlarda hududdagi barcha “mahalla yettilik”lari ishtirok etib, farmon va qarordan kelib chiqadigan vazifalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olmoqda.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi mas’ullarining ta’kidlashicha, o‘quv seminarlarini samarali tashkil etishda barcha sharoitlar yaratilgan. Tasdiqlangan reja-jadvalga asosan bugunga qadar Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Bo‘zatov va Chimboy tumanlarida seminarlar yuqori saviyada tashkil etilib, ishtirokchilar test-sinovlarni a’lo darajada topshirdi. O‘quv-seminarlari joriy yilning 28 fevral sanasiga qadar davom etadi.
Ma’lumot tariqasida ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 452 ta shaharcha, ovul va mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.