Mamlakatimizda aholini inson sog‘ligiga zarar yetkazmaydigan sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Shunga qaramasdan, mamlakatimiz chegarasidan hech qanday hujjatlarga ega bo‘lmagan, shubhali chet el mahsulotlarini olib kirish holatlari uchrab turibdi. Xususan, Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning qarorlariga asosan Davlat bojxona organlari va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan olib qo‘yilgan 128 million so‘mlik 18 turdagi tovar-moddiy boylikni yo‘q qilish belgilangan.
Ushbu sud qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Nukus shahar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida yo‘q qilinishi belgilangan jami 108,5 million so‘mlik 1 ming 730 dan ziyod tovar-moddiy boylik tegishli idoralar xodimlari ishtirokida yo‘q qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.