Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy komunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F. Davruqov va Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator merining ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Anxama Shijirbaatar boshchiligidagidagi delegatsiya vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda dunyoda mamlakatimizning turistik salohiyati sezilarli darajada oshganligi qayd etildi.

Shuningdek, Toshkent va Ulan-Bator o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, gastronomik turizmni rivojlantirish, turistik mahsulotlarni targ‘ib qilish, yirik turoperatorlar vakillarining qo‘shma turistik ko‘rgazmalarda ishtiroki, turizm hamkorligi doirasida o‘tkaziluvchi madaniyat sohasidagi turli tadbirlar kabi istiqbolli loyihalarga urg‘u berildi.

O‘z navbatida Anxama Shijirbaatar qabul uchun minnatdorlik bildirib, turizm, ta’lim yo‘nalishida, sog‘liqni saqlash, biznes, oziq-ovqat sanoati, umumiy ovqatlanish, savdo va hizmat ko‘rsatish kabi qator sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Ulan-Bator delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonda tanilgan brend sifatida sayyohlar oqimini turli sohalarda jalb qila olish salohiyatiga ega mamlakat ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Shu bilan birga oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi davlat siyosati, tashkiloti xavfsizlik choralari hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish taklifini bildirdi.

O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini tizimli amalga oshirib borayotganini, bunda davlat hukumatining oqilona boshqaruv siyosati katta o‘ringa ega ekanligini e’tirof etdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA