Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida qo‘mita raisi I.Yergashev “Kazak jibeki” uyushmasi raisi S.Bakirov hamda Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimligi Tadbirkorlik va sanoat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.Abdurazakova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, Qozog‘istonda ham O‘zbekiston tajribasi asosida pillachilikni rivojlantirishga kirishilgan.

Mazkur uchrashuvda ana shu hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ba’zi masalalar muhokama qilindi.

Xususan, joriy yil bahor mavsumida Andijon viloyatidagi “Ipak ko‘chat” tutchilik klasteri tomonidan qozog‘istonlik hamkorlarga qiymati 2 million dollarga teng tut ko‘chatlarini yetkazib berishga kelishib olindi.

Shuningdek, urug‘chilik va ilmiy-nazariy jihatdan rivojlanish uchun o‘zbek olimlarini jalb qilish bo‘yicha ham masalalar muhokama qilindi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA