Adliya vazirligi tomonidan barqaror va samarali qonunchilik bazasini yaratish maqsadida qonun ijodkorligi jarayonlarida «aqlli tartibga solish» modeli elementlari keng qo‘llab kelinmoqda.

Shu jumladan, vazirlik qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi organ bo‘lib, muntazam ravishda davlat organlariga bu borada uslubiy va metodologik yordam ko‘rsatib kelayotir.

Adliya vazirligida “Amaldagi qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash” mavzusida o‘tkazilgan seminarda shu haqda gap bordi.

Vazirlik va idoralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etgan tadbirda joriy yilda amaldagi qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash jarayonlarining muhim jihatlari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 8 yanvardagi “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida 40 ta muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega hamda keng jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’siri baholanishi ta’kidlandi.

Tadbirda ushbu baholashning ahamiyati va tartibi, erishilgan natijalar to‘g‘risida ma’lumot berilib, amaldagi qonunchilik hujjatlarini tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish tartibi tushuntirildi va muhokama qilindi.

Shuningdek, hujjatlarda ko‘rsatilgan ko‘plab majburiyatlar tartibga solish maqsadlariga erishilgani va ortiqcha ma’muriy yuk mavjudligi jihatidan qayta ko‘rib chiqilishi, baholash natijalariga ko‘ra samaradorligi past bo‘lgan yoki ko‘zlangan maqsadlarga erishilmagan tartibga solish vositalarini o‘zgartirish, bekor qilish yoki mexanizmini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

N.Abduraimova, O‘zA