Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Janubiy Koreyaning “Sun moon” universiteti prezidenti Son Je Mun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Muloqot davomida 2023 yil dekabr oyida viloyat vakillarining mazkur universitetga tashrifi, erishilgan dastlabki kelishuvlarning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Son Je Mun Sirdaryoda universitet filialini tashkil etish taklifini bildirdi. O‘z o‘rnida viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlar ekan, oliy o‘quv yurti faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Guliston shahri tanlanganini ma’qulladi.

Ma’lum qilinishicha, bu yerda dastlab IT va sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan beshta dolzarb yo‘nalishda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Yana bir ahamiyatli jihati, universitetni sanoat tarmoqlariga tayyor mutaxassislarni tayyorlovchi ta’lim klasteriga aylantirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun ta’lim jarayonlari ishlab chiqarish bilan to‘liq integratsiya qilinadi.

Muloqot yakunida amaliy takliflar bildirildi va hamkorlik memorandumi imzolandi.

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri