O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, loyiha doirasida ustuvor ravishda o‘rta shaharlar urbanizatsiya darajasini oshirish uchun sharoit yaratishga qaratilgan hududning iqtisodiy faolligini oshirish hamda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmalarini kompleks rivojlantirish (ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlarini tortish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash) bo‘yicha tadbirlar amalga oshiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Loyihani boshqarish va muvofiqlashtirish, shu jumladan Loyihaning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash, uning monitoringi va hisobotini yuritish uchun mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida tashkil etilgan Loyihani amalga oshirish guruhi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Loyiha doirasida zarur tashkiliy-texnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish, shuningdek, qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlash uchun javobgar hisoblanadi.

Qaror bilan:

“O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini qo‘shimcha moliyalashtirishning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari;

“O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini qo‘shimcha moliyalashtirish doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasining qarzidan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz to‘lovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali;

“O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini qo‘shimcha moliyalashtirish doirasida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qarzidan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz to‘lovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali tasdiqlandi.

                                                                                                                                   O‘zA