Bank-moliya akademiyasida Koreya Respublikasining qator oliy ta’lim muassasalari, xalqaro ta’limga ko‘maklashuvchi dastur vakillari ishtirokida zamonaviy bilim, malakaga ega mutaxassislar tayyorlashda yuqori sifatga erishish masalasiga bag‘ishlangan amaliy uchrashuv, mahorat darslari va xalqaro ilmiy simpozium o‘tkazildi.

Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, ushbu davlat Ta’lim vazirligi, UNESCO/UNITWIN dasturi, Xandong, Xannam, Xansung universitetlari vakillari, akademiya professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari ishtirok etgan tadbirda zamonaviy bilim, malakaga ega kadrlar tayyorlash sohasi rivojlanish tendensiyasi muhokama qilindi.

Tomonlar ilg‘or xalqaro tajriba va bilimni puxta o‘zlashtirgan mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikka oid yangi yo‘nalish bo‘yicha aniq kelishuvga erishdilar. Xalqaro ta’lim standarti asosida malakali mutaxassis tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi. Oliy ta’lim tizimini uyg‘unlikda ravnaq toptirishga qaratilgan loyihalar, kelgusi reja va amaliy chora-tadbirlar bo‘yicha fikr almashildi.

Dasturga muvofiq, hamkorlikda tashkil etilgan “Research Colloquium in Winter 2024” qo‘shma xalqaro ilmiy simpoziumida tadqiqot natijasi asosida tayyorlangan tahlillar, yangi bilimlar taqdimoti o‘tkazildi.

Kelishuvlarning amaliy natijasi o‘laroq tashkil etilgan ushbu xalqaro anjumanda hamkor tomonlarning yetuk olimlari ma’ruza qilgani, rivojlanish bo‘yicha eng yaxshi yechimlarga ega ilmiy tadqiqot natijalari haqidagi ma’lumot berilgani ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

Qayd etilishicha, ikki davlat ta’lim muassasalari hamkorligi natijasida yuzaga kelayotgan mazkur xalqaro ilmiy muloqot maydoni yangi tashabbuslarni ilgari surish, tadqiqot natijalarini muhokama qilish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Akademiyadagi o‘quv jarayonida Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi idoralarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan taniqli shaxslar ishtirokida mahorat darslari tashkil etish an’anaga aylandi.

Masalan, Koreya Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri sifatida faoliyat yuritgan O-Sok Xyon tomonidan taqdim qilingan jahon iqtisodiyoti kelajagi to‘g‘risidagi maxsus “Global iqtisodiyot kelajagi: inqirozga qarshi turish, asosiy global kuch va yechimni shakllantirish” mavzusidagi ma’ruzada kelajak dunyoda iqtisodiyot va jamiyat qanday shakllanishi, asr o‘rtalarida dunyo konfiguratsiyasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar hamda ekologik, ijtimoiy va boshqaruv muammolari atroflicha tahlil etilgan.

Bundan tashqari xalqaro darajadagi olimlar ishtirokida maxsus maslahat soatlari tashkil etish orqali akademiya tinglovchilarining magistrlik dissertatsiyasi sifati va ilmiy tadqiqot faoliyati samaradorligini ta’minlashga doir maqsadlar ijobiy amalga oshirilyapti.

Tashrif doirasida koreyalik olimlar tinglovchilar tomonidan tayyorlangan 12 ta eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi va tadqiqot bilan tanishib, zarur tavsiyalar berishdi.

Ikki davlat yetakchi olimlari tomonidan o‘tkazilgan mahorat darslarida Janubiy Koreyada qayta tiklanadigan energiya tendensiyasi va vodorod energiyasini o‘zgartirish strategiyasi, atrof-muhit, ijtimoiy boshqaruv tizimi haqida so‘z bordi.

Hamkorlik loyihalari ko‘lamini kengaytirish ta’lim, ilm-fan sohasidagi barqaror, o‘zaro ishonchga asoslangan rishta yanada mustahkamlaniishiga xizmat qiladi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA