Ilm-fan yangiliklari

2023 yil uchun dunyo smartfon bozori tahliliy hisoboti e’lon qilindi. Natijalar juda qiziqarli.

“Apple” rekord darajada yuqori ko‘rsatkich qayd etgan. Kompaniya o‘tgan yil 234,6 million dona qurilma sotgan va umumiy bozordagi ulushini 20,1 foizga yetkazgan. Keyingi o‘rinlarni 226,6 million dona va 19,4 foiz bilan “Samsung”,  145,9 million dona, ya’ni 12,5 foiz bilan “Xiaomi” egalladi.

Shu tariqa 14 yildan buyon peshqadalik qilgan “Samsung” joyini “Apple”ga berib qo‘ydi.

“Apple” ilk avtomobilini qachon chiqaradi?

“Apple” ilk elektrokarasini taqdim etishga hozirlik ko‘ryapti. “Bloomberg” ma’lumotida keltirilishicha, yangi “mo‘’jiza” 2028 yil namoyish qilinishi mumkin.

Aslida, 2026 yil chiqarilishi mo‘ljallangan kompaniyaning birinchi avtomobili “CarPlay” va “Level-5” tizimi bilan jihozlangan, haydovchisiz boshqariladigan mashina bo‘lishi kerak edi. Avtomobil “Tesla” kabi mustaqil ravishda o‘zini o‘zi boshqarib, yo‘lda uchraydigan to‘siqni kuzata oliishi kerak edi.

“Apple” o‘z mashinasi ustida ishni 2014 yil boshlagan. Hozircha loyiha “Titan”yoki “T172” deya nomlangan.

“Microsoft” kapitallashuvi rekord darajaga chiqdi

“Microsoft”ning bozor kapitallashuvi 3,006 trillion dollarga yetdi. “Nasdaq” fond birjasida kompaniya aksiyasi narxi 1 foiz oshgan, deb yozdi “CNBC”.

Kapitali 3 trillion dollardan oshgan kompaniya faqat “Microsoft” emas, albatta. Shunday mavqega “Apple” ham ko‘tarilgan. Faqat yanvarda “Microsoft”  “Apple”ni quvib o‘tib, global reytingda birinchi o‘ringa chiqdi.

2023 yil eng qimmat kompaniyalar ro‘yxati quyidagi ko‘rinishda edi:

“Apple”, “Microsoft”, “Amazon”, “Google”, “Samsung”, “Toyota”, “Mercedes-Benz”, “Coca-Cola”, “Nike” va “BMW”.

“Microsoft” o‘rni mustahkamlanishi generativ sun’iy intellekt sohasiga muvvaffaqiyatli tarzda sarmoya yo‘naltirilgani bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

Smart-soat o‘tmishda qoladi

Yaqinda “Daily Mail” nashri olim va futurolog Endryu Grillning bashoratini e’lon qildi. Mutaxassis “5G SA” texnologiyasi rivoji, yangi qurilma va kelajakda urf bo‘ladigan buyumlar haqidagi fikrlarini o‘quvchilar bilan baham ko‘rgan.

Grill ta’kidlashicha, atigi besh yildan so‘ng britan o‘smirlari oyog‘idan boshigacha sun’iy intellekt zaxirasidagi texnologiya bilan ta’minlanadi. Ular hozirdanoq oddiy aqlli soat va fitnes-trekerdan voz kechmoqda. Endi yoshlar kiyim yoki poyafzalga o‘rnatilgan kichik chipdan foydalana boshlaydi.

Futurolog ushbu chipni 2021 yil “Apple” taqdim etgan “AirTag” bilan solishtirgan. Tanga hajmidaga mazkur qurilma sohibi hayotini yengillashtirib, u haqdagi barcha ma’lumotni to‘playdi va umumiy tarmoqda birlashtiradi.

Ekspert shunday misol keltiradi:

– Ko‘chada ketayotib, notanish odam oyog‘ida zo‘r krossovkani ko‘rib qoldingiz. Bunday vaziyatda o‘sha kishi oyoq kiyimini qayerdan olgani yoki xuddi shunday krossovkani qanday qilib topish mumkinligi xususida “fol ochish”ga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zi kiyib yurgan, chip bilan jihozlangan “gapiruvchi” sun’iy ongli krossovka begona poyabzal haqidagi barcha ma’lumotni beradi. Barcha zarur havola smartfoningizdagi ilovada paydo bo‘ladi.

Chip sohibining shaxsiy uslubi, xohishi, mablag‘i va yashash tarziga oid ma’lumotni saqlaydi. Kelgusida xarid qilish mumkin bo‘lgan buyum yuzasidan maslahat beradi. Xullas, bunday matohdan foydalanish hayotning barcha jabhasida aks etadi.

Marsga uchadigan ilk samolyot qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

Vertikal uchadigan va qo‘nadigan samolyot “MAGGIE” nomini oldi. Uchoqning qachon yig‘ilishi hozircha noma’lum, ammo ba’zi xususiyati, allaqachon, ayonlashgan. “Space.com” sayti yozishicha, qurilma quyosh energiyasidan quvvat oladi va bir onda 179 kilometr masofani bosib o‘ta oladi. Kamera va o‘lchagich bilan jihozlangan qurilma Mars yuzasini, taxminan, 1000 metr balandlikdan tasvirga oladi. Samolyot suv qidirish, kuchsiz magnit maydoni manbasini tahlil qilish, metan izini o‘rganish vazifasini ham bajaradi.

“MAGGIE” loyihasi allaqachon NASA tomonidan moliyalashtirila boshlangan. Mutaxassislar ishonchi komilki, yangi samolyot “Mars sirtini o‘rganishda inqilob yasaydi” va keng jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘ladi.

Hozir Marsda 1,8 kilogrammli “Ingenuity” uchuvchisiz boshqariladigan vertolyot parvoz qilmoqda. 18 yanvar kuni 72-parvozini amalga oshirgan bu uchoq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Reja bo‘yicha tushish vaqtida vertolyot va “Perseverance” apparati o‘rtasidagi aloqa uzilib qoldi. Yaxshiyamki, ikki kundan keyin olimlar qurilma bilan yana “bog‘lanish”ga muvaffaq bo‘lishdi.

Wi-Fi sog‘liq uchun zararlimi?

Hozir hayotimizni simsiz texnologiyadan ayro tasavvur qilolmaymiz. Hech birimiz smartfonni qo‘ldan qo‘ymaymiz. Kafeda, uyda yoki parkda ham Wi-Fi yordamida internetga ulanish imkoniga egamiz. Tabiiyki, keyingi payt ko‘pchilikda havo orqali ma’lumot almashish qurilmasidan doimiy ravishda foydalanish sog‘liq uchun zararli emasmi, degan savol paydo bo‘lgan.

Aksariyat ekspertlar fikricha, Wi-Fi inson salomatligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi, ammo yana bir jihatni esdan chiqarmaslik kerak. Bunday texnologiya, baribir, insoniyat uchun yangi va ehtimoliy zarar haqida uzil-kesil dalil yo‘qligi salbiy ta’sir mavjudligini butunlay istisno etmaydi.

Mutaxassislar tavsiyasiga quloq solish ziyon qilmaydi, albatta. Nafaqat bolalar, balki kattalar ham doimiy ravishda onlayn vaqt o‘tkazish masalasiga jiddiy munosabatda bo‘lishi lozim. Ya’ni, Wi-Fi qurilmasini bolalar xonasiga yoki yotoqxonaning bosh tomoniga qo‘yish tavsiya qilinmaydi. Qolaversa, internetsiz ham hayot bir maromda kechganini esdan chiqarmaylik. Toza havo, harakatli o‘yinlar salomatlik uchun juda foydali ekani sir emas.

“Hyundai” aqlli kelajak ekskovatorini yaratdi

“Hyundai” bir necha yildan buyon qurilish maydonchasini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan “Xite Transformation” loyihasi bilan shug‘ullanmoqda. Mazkur yangilik doirasida kompaniya “ConceptX” aqlli ekskovatorini ixtiro qildi.

Dastlabki shunday mashina Las-Vegasda – “CES-2024” ko‘rgazmasida namoyish etildi. To‘liq elektr quvvati bilan ishlaydigan bu qurilmaning haydovchi o‘tiradigan kabinasi yo‘q. Ya’ni, mashinani boshqaruvchi odam kerak emas. Zamonaviy texnologiyani qo‘llab-quvvatlaydigan, avtomatlashtirilgan tizim “Concept X” ishi uchun javobgar.

Elektr ekskovatoridan tashqari “Hyundai” yukni o‘zi tushiradigan avtomobil va ixcham g‘ildirakli yuk ko‘targich ham yaratmoqda. Bunday vositalardan yaqin yillarda foydalanila boshlaydi.

O‘lchagich va kameralar to‘plami bilan jihozlanadigan ekskovatorning metall cho‘michi raqamli tasvirni monitorga uzatadi. Bu yuk tashilishini osonlashtiradi, elektr va gaz tizimiga shikast yetishining oldini oladi.

“Hyundai” ko‘rgazmada to‘rt o‘rinli uchar taksini ham namoyish qildi.

Internet materiallari asosida

Saidmurod Rahimov tayyorladi.

O‘zA