O‘zbekiston shaxmatchilarining xalqaro musobaqalarda munosib natijalarga erishayotgani Xalqaro shaxmat federatsiyasining har oy e’lon qilib boradigan reytingida o‘z aksini topmoqda.

Joriy yilning yanvar oyi davomida yurtimiz hamda bir qator xorij mamlakatlarida o‘tkazilgan turnirlar sarhisobiga ko‘ra, FIDEning yangilangan reytingi e’lon qilindi.

Unda yurtimiz shaxmatchilaridan Nodirbek Abdusattorov (15), Javohir Sindorov (35), Rustam Qosimjonov (47) va Nodirbek Yoqubboyev (75) jahonning yuz nafar eng kuchli shaxmatchilari qatoridan o‘rin olish bilan birga boshqa yo‘nalishlarda nomlari ketma-ket qayd etildi.

Shuningdek, xalqaro reytingda iste’dodli shaxmatchilarimizdan Muhiddin Madaminov, Muhammadzohid Suyarov, Shamsiddin Vohidov, Olmos Rahmatullayev, Humoyun Bekmurodov o‘z yo‘nalishlarida kuchli yuzlikka kiritilgan bo‘lsa, xotin-qiz shaxmatchilarimizdan Umida Omonova va Afro‘za Hamdamova ayollar shaxmatida yetakchilar ro‘yxatida ko‘rinish berdi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA