Pasportni yo‘qotganlik uchun jarimani eng minimal chegaraga tushirish lozim

Fuqarolik pasportini, identifikatsiyalovchi ID-kartasini va xorijga chiqish uchun biometrik pasportni qasddan yaroqsizlantirish yoxud uni ehtiyot qilib saqlamaganlik oqibatida yo‘qotib qo‘yish holatlariga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima qo‘llash belgilanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjatini va (yoki) identifikatsiyalovchi ID-kartasini (O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini) qasddan yaroqsizlantirishi yoxud yo‘qotib qo‘ygani uchun ham xuddi shunday jarima ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu tartiblarni o‘zida aks ettirgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.
Muhokamalar jarayonida bir qator masalalar ko‘tarilib, ayrim normalar deputatlarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan edi. Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbatida mazkur qonun loyihasi deputatlar, tashabbuskorlar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan muhim normalardan biri bo‘lgan, ya’ni huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik va yetarlilikning konstitutsiyaviy prinsiplariga tayangan holda ma’muriy javobgarlik choralarini liberallashtirish hamda ularni aniq belgilash taklif etilmoqda. Xususan, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan, oltmish yoshdan oshgan, to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan, shuningdek, favqulodda vaziyatlar, turar yoki noturar joylarning yonishi, qulashi, transport vositalarining yonishi kabi hodisalar ro‘y bergani natijasida jabrlangan shaxslarni pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani belgilangan muddatlarda rasmiylashtirmaganlik yoxud doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmaganlik kabi huquqbuzarliklar uchun nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod etish belgilanmoqda.
Qizg‘in muhokamalar chog‘ida deputatlar loyihadagi normalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
— Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi kiritgan qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasi yangi uchinchi qism bilan to‘ldirilmoqda, — dedi deputat O‘ktam Islomov. — Ya’ni, pasportni yoki ID-kartani ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yish yoki qasddan yaroqsizlantirish BHMning 2 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda. Mazkur ikkita huquqbuzarlik ijtimoiy xavfi jihatidan bir-biridan keskin farq kiladi. “Pasportni yoki ID-kartani ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yish” normasini amaldagi 223-moddaning birinchi qismiga qaytarish hamda ushbu moddaning birinchi qismi sanksiyasida belgilangan BHMning 0,5 dan 3 baravarigacha jarimani eng minimal chegaraga tushirish lozim.
Qonun tashabbuskorlari deputatning ushbu taklifini ko‘rib chiqishini bildirdi.
Shuningdek, deputat Jahongir Abdurasulov qonun loyihasiga ogohlantirish institutini kiritish taklifini ilgari surgan bo‘lsa, Zafar Xudoyberdiyev qonun loyihasi bilan kiritilayotgan yangi tushunchalarni qo‘llash yuzasidan taklif berdi.
Deputatlar tomonidan berilgan takliflar qonun loyihasini takomillashtirishda atroflicha o‘rganib chiqiladigan bo‘ldi.
M.Komilova, O‘zA