Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Jazoirning yirik nashrlaridan biri “Bugungi voha” gazetasida jurnalist, doktor Ahmad Josim Az-Zubaydiyning “Toshkent metrosi bekatlari – yer osti o‘zbek saroylari” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Bugungi- kunda poytaxt metropoliteni Toshkentning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri hisoblanadi. Bu chinakam madaniy merosni aks ettiruvchi durdona asardir, – degan ta’rif bilan maqolani boshlaydi muallif.
Toshkent metropoliteni tarixiga to‘xtalarkan, muxbir rejalashtirish ishi 1968 yil, poytaxtimizda yuz bergan mash’um zilziladan ikki yil o‘tib, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan metro yo‘llari va bekatlari qurilishi esa 1972 yil iyul oyidan boshlanganini bayon etgan.
Jurnalist Az-Zubaydiy 17 bekatdan iborat, uzunligi 23,7 kilometrli ilk Chilonzor yo‘li 1977 yil 6 noyabrda ochilgani, 1984 yil ishga tushgan O‘zbekiston yo‘li, istiqlol yillarida qurilib, foydalanishga topshirilgan uchinchi – Yunusobod yo‘li, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan rejalashtirilgan Toshkent metropolitenining to‘rtinchi – Xalqa yo‘li qurilishi 2017 yil boshlangani, 2020 yil 30 avgustda ochilish marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etganiga urg‘u bergan.
– Toshkent metrosi juda shinam, qulay, betakror, har bir bekat biror tarixiy voqelikka yetaklaydi, Markaziy Osiyo hududida yashaydigan xalqlarning baynalmilal birodarlik xususiyatini ifodalash ramziga aylangan, – deydi muallif. – Bekatlarda “Shahar ruhi”ni his qilish mumkin. Alisher Navoiy bekatida buyuk adib asarlari asosida ishlangan bezakli suratlarni tomosha qilib, buyuk meros hayratidan tarix domiga ilinganini sezmay qoladi, kishi. “Chilonzor” bekatidagi qubbali naqshinkor tasvirlardan hayratga tushgan sayyoh “Bodomzor”dagi sokinlikdan bodom guli iforini tuyadi, go‘yo. Koinot sir-asrori, fazogirlar dunyosi bilan yaqindan tanishtiradigan “Kosmonavtlar” bekatining ulg‘vorligi, ayniqsa, tahsinga loyiq…
Darhaqiqat, Toshkent metrosiga tushgan har bir inson sun’iylik, yolg‘on yoki bema’ni raqobat yo‘q boshqa bir olamni kashf etadi.
Metro tartib-intizom, tozalik va go‘zallikning o‘ziga xos timsoli. Bu yerda inson o‘zi bilmagan holda sekin gapira boshlaydi, iltifotli, jonsarak, sinchkov bo‘lib qoladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Toshkent metropoliteni odamlarni tarbiyalaydigan, ma’naviy jihatdan o‘stiradigan joy.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA