Mamlakatimizda farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jami 204 korxona faoliyat yuritmoqda. Dorivor o‘simliklar va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqaruvchi 276 korxona mavjud.

Farmatsevtika (dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi) korxonalari tomonidan 3 ming 922 turdagi mahsulotlar tayyorlanadi. Xususan, 3 ming 290 turdagi dori vositalari, 468 turdagi tibbiy buyumlar, 84 turdagi tibbiy texnikalar hamda 80 turdagi substansiyalar ishlab chiqarilmoqda.

Bu Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga oid vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining axborotini eshitish asnosida faoliyat yurituvchi jami 82 ta korxonadan 40 tasida GMP talablari, 500 dan ortiq ulgurji tashkilotlarning 151 tasida GDP talablari joriy etilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, bitta laboratoriyada GLP talabi, bitta saqlash omborxonasiga GSP hamda bitta dorixonada GPP talabi joriy etilgan.

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi tutash hududdan qo‘shimcha 80 gektar yer maydonini ajratish hisobiga “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterining sanoat hududi kengaytirildi.

Bugungi kunda farmatsevtika sanoati bo‘yicha 5 ta (“Bo‘stonliq farm”, «Parkent-farm”, «Andijon-farm”, «Kosonsoy-farm” va «Zomin-farm”) erkin iqtisodiy zonasi faoliyat yuritmoqda.

Muhokamalar jarayonida farmatsevtika sohasida yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari mos ravishda “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”, “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” va “Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)” talablariga muvofiq ravishda tashkil etilmaganiga e’tibor qaratildi.

Majlisda dori vositalari xavfsizligi va sifatini ta’minlash maqsadida dori vositalarini ulgurji (GDP) va chakana (GPP) realizatsiya qiluvchi tashkilotlarga zarur amaliyot standartlarini joriy etish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, dorixonalar faoliyatini xalqaro talablar asosida tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Prezidentimizning farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarda farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da belgilangan ayrim vazifalar to‘liq bajarilmagani senatorlar tomonidan tanqid ostiga olindi.

To‘liq bajarilmagan vazifalarni qisqa muddatda bajarish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar vakillarining takliflari asosida chora-tadbirlar belgilashga kelishib olindi. Bundan tashqari, asosiy dori vositalari ro‘yxatini dorilar ro‘yxati, tasdiqlangan klinik bayonnomalar, tavsiyalar va davolash standartlaridagi taqdim etilgan dori vositalari ro‘yxati bilan muvofiqlashtirish yuzasidan amaliy takliflar berildi.

Davolash-profilaktika muassasalari, dorixonalar hamda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi, realizatsiya qiluvchi va qo‘llovchi tashkilotlar tomonidan dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya ta’sir (reaksiya)lar aniqlangan barcha holatlar to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vazirligini xabardor qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Majlisda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari hamda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi rahbarlarining dori vositalari va tibbiy buyumlarning xavfsizligi va sifatini ta’minlash sohasidagi axborotlari ham tinglandi.

N.Abduraimova, O‘zA