Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning mintaqaviy vakili va Ombudsman huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan Nukus shahrida joylashgan 2-son Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil noyabr oyida mazkur hibsxonada o‘tkazilgan monitoring tashrifida aniqlangan holatlar yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga Ombudsman xulosasi kiritilgan edi. Bu galgi o‘rganishlarda mazkur xulosaning bajarilish holatlari o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, hibsxonada saqlanayotgan shaxslar uchun ajratilgan yuvinish xonalarida joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Sun’iy shamollatish tizimi (ventilyatsiya) yangidan qurilgan. Yuvinish xonasining sanitariya-gigiyena holati tibbiyot bo‘limi xodimlari tomonidan qat’iy nazoratga olingan va yoritish chiroqlari zamonaviylariga almashtirilgan.
Hibsxonaning xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar sharoitlarini yaxshilash, jumladan, uzoq muddatli uchrashuv xonalari tashkil etish va boshqalar bo‘yicha loyiha smetasi ishlab chiqilgani ma’lum bo‘ldi. Qurilish ishlari 2024 yil ikkinchi choragida tugatilishi rejalashtirilgani sababli ushbu muassasaga qayta monitoring o‘tkaziladi.
Ombudsman axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, monitoring tashrifida hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi holatlari o‘rganildi va tegishli tavsiyalar berildi.
Shu bilan bir qatorda, hibsxonada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy tartibda suhbatlashildi. Yakka tartibda murojaat qilish istagida bo‘lgan shaxslar murojaatlari holi tarzda qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA