Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahridagi “Humo Arena” majmuasida 2-3 fevral kunlari “Devis kubogi”ning I Jahon guruhi pley-off bahsida O‘zbekiston terma jamoasi jahon bosqichiga chiqish uchun Polsha terma jamoasiga qarshi kortga chiqadi.
Ushbu uchrashuv oldidan poytaxtimizda matbuot anjumani va qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston va Polsha terma jamoasi a’zolari, musobaqa bosh hakami va bir qator mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi.
Anjuman davomida terma jamoamiz sardori Denis Istomin hamda polshaliklar vakili Xubert Xurkach jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
Shuningdek, musobaqa reglamenti va o‘tkaziladigan o‘yinlar haqida to‘liq ma’lumot berildi.
– “Devis kubogi” musobaqasida uzoq yillardan beri ishtirok etib kelmoqdamiz va bu safargi bahsda raqib kuchli bo‘lishiga qaramasdan faqat g‘alaba uchun kortga chiqamiz, – deydi terma jamoamiz a’zosi Humoyun Sultonov. – Tennischilarimiz raqiblarini yaxshi biladi. Umid qilamizki, jahon ligasiga yo‘l olamiz.
Qur’a tashlash marosimi natijasi bilan quyida tanishasiz:
2 fevral:
Sergey Fomin – Xubert Xurkach
Humoyun Sultonov – Maks Kasnikovski
3 fevral:
Sergey Fomin/Maksim Shin – Xubert Xurkach/Yan Zelinski
Humoyun Sultonov – Xubert Xurkach
Sergey Fomin – Maks Kasnikovski.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, jamoalar o‘z o‘yinchilarini natijaga qarab almashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur bahs O‘zbekiston sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) hamda mamlakatimiz Tennis federatsiyasi va bir qator tashkilotlar tomonidan o‘tkazilmoqda. Unda terma jamoamiz Denis Istomin (sardor), Humoyun Sultonov, Sergey Fomin, Maksim Shin, Amir Milushev kabi tennischilar bilan o‘z tarkibini to‘ldirgan.
O‘zbekiston va Polsha terma jamoalari bahsini “Humo Arena”ga kelib ko‘rish bepul bo‘lib, 2 fevral kungi bahs 14:00 da start oladi. 3 fevral kuni uchrashuvlar esa 13:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA