Ekvador Moskvaning munosabatiga qaramasdan, Rossiyadan olingan eski texnika vositalarini Qo‘shma Shtatlarga topshiradi, dedi mamlakat Prezidenti Daniel Noboa “Ecuavisa” telekanaliga bergan intervyusida.

“Texnikalar beriladi. Ular (Rossiya tomoni) bu harbiy texnikaligini aytmoqda, biz esa shunchaki metall ekanini isbotladik. Xalqaro bitim doirasida harbiy texnikani berish taqiqlanadi, biroq metallni bersa bo‘ladi”, — dedi u.  Binobarin, mamlakat Rossiya bilan munosabatni uzish niyatida emas.

Yanvar oyi boshida Noboa Rossiya va Ukrainaning eski texnikasini AQSH yangi texnikasi bilan almashishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Ushbu kelishuv 200 million dollarga baholangan.

Ekvador sobiq ittifoq ishlab chiqargan Mi-171Ye vertolyoti “Igla” havo hujumiga qarshi zenit-raketa majmuasidan foydalanib keladi. Harbiy texnikani uchinchi davlatga berish, odatda, shartnoma sharti bilan taqiqlanadi.

O‘z navbatida, Moskva Ekvadorning ushbu harakatini egri qadam, deya baholagan. Ekvadordagi  RF elchisi Vladimir Sprinchan, Ukrainani nazarda tutgan holda, ushbu texnika amerikaliklarga emas, balki “bu vositalardan foydalanishni biladiganlarga kerak”, deb bayonot berdi. Diplomat qo‘shimcha qilishicha, keraksiz metall sifatida jo‘natilayotgan ushbu texnika Ukrainaga yordam beradi.

“RIA Novosti” yozishicha, bundan bir yil avval mahalliy OAV sobiq Prezident Gilermo Lasso hukumati Rossiya texnikasini Ukrainaga berish masalasi ko‘rib chiqilgani haqida xabar tarqatgan, biroq o‘shanda aniq harakatga o‘tilmagan.  2023 yil Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Ekvadorning Moskvadagi elchisi Xuan Fernando Olgin Flores bilan uchrashib, Kito Kiyevga qurol yetkazib bermaydi, deb umid qilishini bildirgan.