Si Szinpin Afg‘onistonning yangi elchisidan ishonch yorlig‘ini qabul qildi

XXR Raisi Si Szinpin Afg‘onistonning Xitoydagi yangi Favqulodda va muxtor elchisi Bilol Karimiydan ishonch yorlig‘ini qabul qildi, deb xabar tarqatdi XXR tashqi ishlar vazirligi.

Karimiy avval “Tolibon” hukumati rasmiy vakili o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

O‘tgan yil dekabr oyida ommaviy axborot vositalari Xitoyda Afg‘oniston elchisi ish boshlagani haqida xabar tarqatgan edi. TIV rasmiy vakili Van Venbindan jurnalistlar bu Pekin Afg‘oniston Islom Amirligini tan olganini bildiradimi, deb so‘raganda, u “Xitoy har doim Afg‘oniston xalqaro hamjamiyatdan ajralib qolmasligi kerakligini aytib kelgan”, dedi.

2023 yil “Samsung Electronics” daromadi to‘rt barobar kamaydi

Janubiy Koreyaning elektronika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Samsung Electronics” kompaniyasining sof daromadi o‘tgan yil qariyb 3,8 barobar kamayib, 14,473 trillion von (taxminan 10,9 milliard dollar)ni tashkil etgan.

Ayo-Sofiya masjidiga kirish endi xorijliklar uchun pulli

Uch yil oldin diniy ob’ektga aylantirilgan Istanbuldagi Ayo-Sofiya majmuasiga kirish shu haftadan boshlab xorijlik sayyohlar uchun pulli qilindi. Chipta narxi – 25 yevro.

“RIA Novosti” shu haqda mamlakat madaniyat va turizm vazirligi bergan ma’lumotga tayanib yozgan.

2020 yil masjid maqomini olgan “Ayo-Sofiya”ga kirish hozirgacha mutlaq tekin edi.

Yaponiyaning Rossiya bilan hududiy masala bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmas

Yaponiyaning Rossiya bilan hududiy masalani hal qilish va tinchlik shartnomasini imzolash bo‘yicha tutgan pozitsiyasi o‘zgarmasdan qoladi, biroq hozir bunday  kelishuvga erishishning imkoni yo‘q, dedi kun chiqar mamlakat hukumati bosh kotibi Yosimasa Xayasi Tokioda uyushtirilgan matbuot anjumanida.

Xayasi eslatishicha, 2022 yil bahorgacha ikki mamlakat o‘rtasida tinchlik shartnomasini imzolash bo‘yicha muloqot davom etdi, biroq Tokio Rossiyaga qarshi sanksiya joriy qilgandan keyin Moskva tashabbusi bilan jarayon to‘xtatilgan.

Britaniya Qizil dengizga aviatsiya tashuvchi kemasini jo‘natishi mumkin

Buyuk Britaniya Yaman xusiylari hujumiga qarshi kurashish uchun Qizil dengizga avia tashuvchi jo‘natish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi “Telegraph” gazetasi.

Xusiylar uzoq muddatli qarama-qarshilikka tayyorligini bildirgandan keyin Qirollik dengiz kuchlari AQSHga qaytgan Amerikaning “Duayt Eyzenxauer” avia tashuvchisini almashtirmoqchi, deya ta’kidlagan nashr.

Inklarning qadimiy shahri Machu-Pikchu qamalda qoldi

Bunga mahalliy aholining chipta sotishda yangi tartib o‘rnatilganiga qarshi uyushtirgan norozilik namoyishi sabab bo‘ldi.

La República” gazetasi yozishicha, Machu-Pikchuga chiqish oldidan sayyohlar eng ko‘p to‘planadigan Aguas-Kalentes shaharchasida ko‘chalar huvillab yotgani, barcha savdo do‘konlari yopiq turgani aks etgan video tasvirlar namoyish qilingan.

Saudiya mudofaa sohasi bo‘yicha AQSH bilan muzokarani tiklaydi

Saudiya Arabistoni Falastin – Isroil ziddiyati asnosida AQSH bilan mudofaa sohasidagi muloqotni to‘xtatgan edi, deb yozdi “Bloomberg” ishonchli manbalarga tayanib.

Xabarda ta’kidlanishicha, podshohlik shimoli-g‘arbidagi Al-Ula aholi manzilida merosxo‘r shahzoda Muhammad bin Salmon bilan Amerika senatori o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tgan.

Turkiya parlamenti tarixida ilk bor deputat vakolatidan mahrum etildi

Bir yarim yildan ko‘proq vaqt mobaynida turmada saqlanayotgan muxolifatchi deputat Jan Atalay seshanba kuni vakolatidan mahrum etildi. Bunday voqea mamlakat parlamentida ilk bor ro‘y berdi.

Atalay 2013 yil G‘ozi parkda namoyish ishtirokchilari manfaatini himoya qilgani uchun 2022 yil 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. O‘shanda unga hukumatni ag‘darishga urinish aybi qo‘yilgan.

Pentagon Kiyevga reaktiv snaryad bermoqchi

Pentagon Ukrainaga “GLSDB” reaktiv snaryadlarini berish ustida ish olib boryapti. Hozircha maxsus qurol qachon Kiyevga jo‘natilishi ma’lum qilinmagan.

Politico” nashrining avvalroq uzatilgan xabarida keltirilishicha, ushbu innovatsion o‘q-dori amerikalik harbiylar tomonidan sinovdan o‘tkazilgach, tez orada Ukrainaga yetkazib beriladi.

Saidmurod Rahimov tayyorladi.

O‘zA