Ertaga “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024 yil 1-mavsumiga start beriladi

340

Bugun AOKAda “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024 yil 1-mavsumi boshlanishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ullari “Tashabbusli byudjet” loyihasi va uning joriy yildagi birinchi mavsumi bo‘yicha ajratilgan mablag‘lar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, keyingi paytda aholi o‘rtasida “Tashabbusli byudjet” loyihasiga katta qiziqish bildirilmoqda. Har bir hudud aholisi ushbu loyihada faol ishtirok etmoqda.

Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati departamenti direktori Sherzod Muhammedovning ma’lum qilishicha, ertaga, ya’ni 1 fevral kuni “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024 yil 1-mavsumiga start beriladi.

– Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tuman shahar byudjetlari hisobidan ushbu 1-mavsumda 3 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda, – dedi Sh. Muhammedov. – Bu o‘tgan yilgi mavsumlar bilan solishtirganda, deyarli ikki baravar ko‘pni tashkil etadi. O‘tgan yili har mavsumda o‘rtacha 1 trillion 300 milliard yoki 1 trillion 500 milliard so‘m ajratilgan edi. Joriy yilgi “Tashabbusli byudjet” loyihasi jarayonlarini moliyalashtirish Davlat byudjetidan jami 8,0 trillion so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Bu jarayonni hududlar misolida ko‘radigan bo‘lsak, 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha har mavsumda o‘rtacha 90 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, joriy yil birinchi mavsumining o‘zida 187 milliard so‘m miqdordagi mablag‘lar yo‘naltirilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, joriy yilgi birinchi mavsumning o‘zida uch mingga yaqin loyihalar, g‘olib deb topilishi prognoz qilinmoqda. Bunda ayrim tuman va shaharlarda ajratilayotgan mablag‘ miqdori 20 milliard so‘mdan oshiqni tashkil etmoqda.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda an’anaga muvofiq ikkita mavsum o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Birinchi mavsum – fevral-mart oylari va ikkinchi mavsum – iyun-iyul oylarida o‘tkaziladi.

– Bunda 1 fevraldan 20 fevralga qadar fuqarolar tomonidan loyihalarni ilgari surish, 21 fevraldan – 11 martga qadar kelib tushgan loyihalarni maxsus komissiyalar tomonidan saralab olish va 12 martdan – 31 martga qadar saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan loyihalarga ovoz berish bosqichlari o‘tkaziladi, – dedi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Azimjon Hasanov. – Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra, amaldagi tartib asosida ajratilgan mablag‘lar doirasida har bir tuman va shahar bo‘yicha eng ko‘p ovoz to‘plagan loyihalar “Ochiq byudjet” axborot portali tomonidan avtomatik tarzda g‘olib, deb topiladi.

Matbuot anjumanida ushbu vazirlik huzuridagi o‘quv markazi direktori Iroda Hamidova loyiha bo‘yicha hududlar reytingi tahliliga e’tibor qaratdi.

–“Tashabbusli byudjet” loyihasi jarayonlarining 2023 yil yakunlariga ko‘ra, “Hududlar reytingi” shakllantirildi va jamoatchilikka e’lon qilindi. Unga asosan aholi jalb etilishi bo‘yicha Farg‘ona viloyati, jamoatchilik nazorati bo‘yicha Namangan viloyati va loyihalar ijrosi bo‘yicha Xorazm viloyatlari eng faol hududlar, deb topildi. Shuningdek, to‘plangan ballarga ko‘ra tuman va shaharlar bo‘yicha 83 ta hudud – “yashil” toifaga, 82 ta hudud – “sariq” toifaga va 43 ta hudud – “qizil” toifaga kiritildi. Bugungi kunda “Qizil” toifaga kiritilgan hududlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli hududlar bilan ishlanmoqda, – dedi I. Hamidova.

Shuningdek, tadbirda “Tashabbusli byudjet” loyihasi jarayonlarini yanada takomillashtirish maqsadida amaldagi tartibga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgani haqida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, Tashabbusli byudjet jarayonlari “Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyili asosida o‘tkaziladi. “Mening yo‘lim” loyihasi har yili Tashabbusli byudjet jarayonining birinchi mavsumi bilan birlashtirilgan holda amalga oshiriladi. Shuningdek, loyihalarni saralab olishda shaffoflik va xaqqoniylikni ta’minlash maqsadida Ishchi komissiya yangilangan tarkib asosida shakllantirilishi kabi o‘zgarishlar shular jumlasidandir.

Ma’lumot o‘rnida, 2023 yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasi jarayonlari uchun 2022 yilga nisbatan qariyb ikki barovarga ko‘p mablag‘lar yo‘naltirilgan. O‘tkazilgan ikkita mavsum doirasida mahallalarda umumiy qiymati 4,2 trillion so‘mlik 4 ming 183 ta loyiha amalga oshirilgan.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA