“O‘zsuvta’minot”: aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda

340

Aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilda mamlakatimizda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 74,4 foizdan 77,2 foizga ko‘tarildi. Maqsadli davlat dasturlari doirasida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suv xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha 2 ming 598 ta ob’ektda 11 ming 207 km ichimlik, 593 km oqova suv tarmoqlari hamda 1 ming 740 ta ichimlik suvi, oqova suv inshootlari qurildi va rekonstruksiya qilindi.

Xususan, yirik loyihalardan “To‘palang” suv ombori manbalari hisobiga ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” loyihasi doirasida 1,4 trillion so‘m hisobiga 147 km tarmoq tortilib, Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on tumanlarining 273 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 1,1 million nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti va sifati tubdan yaxshilandi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ rahbariyati hamda mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga Jizzax viloyatining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” loyihasi doirasida Do‘stlik, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlari va Jizzax shahri aholisining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilangan.

Xalqaro moliya institutlari loyihalari asosida amalga oshirilgan ishlar ham e’tiborga molik. Jumladan, 2023 yilgi Investitsiya dasturiga ko‘ra, 22 ta loyiha doirasida jami 425 km ichimlik va 100 km oqova suv tarmog‘i qurilgan.

Shu bilan birga, 10 ta suv taqsimlash inshooti va 19 ta oqova suv nasos stansiyasida, jumladan, Qibray, Toshkent tumanlarida 4 tadan va Zangiota tumanida 2 ta suv taqsimlash inshooti hamda Guliston shahrida 9 ta, Yangiyer shahrida 6 ta, Shirin va Jizzax shaharlarida 2 tadan oqova suv nasos stansiyasida qurilish ishlari yakunlandi.

2023 yilda barcha loyihalarning amalga oshirilishi natijasida respublikadagi 2 mingdan ortiq mahalladagi 1,1 million nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 2,5 million nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilangan. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan 1 134 ta aholi yashash punktiga suv ta’minoti korxonalariga tegishli 214 ta, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli 1 112 ta maxsus suv tashish texnikalari orqali ichimlik suvining uzluksiz yetkazib berilishi ta’minlangan.

Shuningdek, Andijon viloyati aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 91 foizga va Xorazm viloyatining bu ko‘rsatkichi 90 foizga yetkazilgan.

Qayd etilishicha, bir yil davomidagi ichimlik suvi tahlillari soni 2,5 milliondan 2,9 millionga oshirilgan. Ichimlik va oqova suv sifatini nazorat qiluvchi 20 ta laboratoriya, jumladan, Buxoro viloyatida 6 ta, Toshkent viloyatida 5 ta, Sirdaryo viloyatida 2 ta, Jizzax viloyatida 2 ta hamda Qoraqalpog‘iston Respublikada 5 ta laboratoriya O‘zbekiston davlat standarti talablariga muvofiq texnik jihatdan malakaliligini ma’qullash sertifikattga ega bo‘lgan.

2023 yilda iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini va shaffofligini oshirish maqsadida ichimlik va oqova suv xizmatlarini hisobga olish hamda nazorat qilishning avtomatlashtirilgan “Uzwater” yagona billing tizimi ishga tushirilgan.

2020 yilda iste’molchilarning to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish ulushi 15 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 70 foizga yetkazilgan.

Qolaversa, iste’molchilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda sohadagi korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida aholi nazoratchilari uchun inson omilisiz raqamlashtirilgan KPI tizimi joriy etilgani qayd etildi.

– Bugungi kunda sohadagi 2,3 mingta nazoratchi xodimning ish samaradorligi mazkur KPI tizimi orqali baholanib kelinmoqda, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov. – Aytish mumkinki, barcha ko‘rsatkichlarni bajargan xodimlarga 8,5 million so‘mgacha ish haqi belgilanmoqda.

Shuningdek, soha bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tezkorlik bilan o‘rganish uchun “SuvniAsra” tizimi joriy qilinib, ushbu tizim orqali murojaatchilar istalgan joydan xabar berishi uchun mobil ilova yaratildi hamda @suvmuammobot telegram boti orqali murojaat qoldirish imkoni yaratildi.

Tizimda 24/7 rejimida ishlaydigan 12-55 qisqa raqamli “Yagona call markazi” faoliyati takomillashtirildi.

2023 yil yanvar- dekabr oylari davomida call-markazga 145,2 ming murojaat kelib tushgan, shundan 85 foizi ijobiy hal etilgan, 15 foiz murojaat nazoratda.

Bundan tashqari, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash maqsadida “Suvta’minot | Vodosnabjeniye” (uzsuv_chat) telegram chati hamda sohada korrupsion holatlar yuzasidan murojaatlarni qabul qilish uchun alohida telegram-bot (@uzsuvanticorruptionbot) faoliyati doimiy yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbir yakunida mutasaddilar 2024 yilda amalga oshirilishi belgilangan asosiy vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

OAV vakillari sohaga oid savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri