Turkiya tahlil markazlari bilan hamkorlik rivojlanadi

254

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida mintaqalar aro kun tartibidan kelib chiqib, ikki mamlakat sherikligining hozirgi holati va istiqboli, shuningdek institutning Turkiya ekspert va tahliliy doiralari bilan hamkorligi masalasi muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi mustahkam va ko‘p qirrali hamkorlik doimo mushtarak madaniy, til, diniy va an’anaviy qadriyatlarga tayanganini ta’kidladilar. Binobarin, o‘zaro munosabat chinakamiga mustahkamlanishi 2016 yil Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruviga kelishi bilan bog‘liqligi e’tirof etildi.

Ta’kidlanganidek, mavjud hamkorlik xalqaro tuzilmalar doirasida ham jadal rivojlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston 2019 yil a’zo bo‘lgan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama munosabat taraqqiyotida respublikamizning sa’y-harakati muhim o‘rin tutmoqda.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning a’zolikka qabul qilinishi nafaqat tashkilotni iqtisodiy jihatdan mustahkamladi, balki TDTning boshqa ishtirokchilari faolligini oshirishga ham xizmat qildi. Bu esa tuzilmaning roli ortib borayotganidan dalolat.

Turk diplomati mintaqaviy integratsiya jarayonida maqsadli tadqiqot olib borish uchun MOXI bilan sheriklik alohida ahamiyat kasb etishini ham ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida elchi Turkiyaning yetakchi tahliliy markazlari – Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi (SETA) va Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi (SAM) bilan hamkorlik o‘rnatishda MOXIga amaliy yordam berishga tayyorligini bildirdi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA