Yer ijarasida yangi tartib: elektron onlayn auksion tizimi raqobat muhitini yaxshilaydi

Farmon va sharh
Shu paytgacha agrosanoat klasterlariga yer uchastkalari Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda viloyat hokimliklari taklifi bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilar edi.
Bunday tartib boshqa tadbirkorlik sub’ektlari va agrosanoat klasterlari o‘rtasidagi teng raqobat muhitining ta’minlanishiga yo‘l qo‘ymayotgani sir emas edi.
Prezident farmoni bilan bu amaliyotga chek qo‘yildi. Endi agrosanoat klasterlari yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolari orqali yoki yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish yo‘li bilan ijaraga olishlari mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2024 yil 18 yanvarda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Ushbu hujjat mamlakatimizda keyingi yillarda boshlangan yer munosabatlari sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirishda muhim ahamiyatga ega.
So‘zimiz avvalida farmonning birgina bandiga qisqacha to‘xtaldik. Quyida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishdagi yangi tartiblar haqida ma’lumot berishga harakat qilamiz.
– Prezidentimizning ushbu farmonini tom ma’noda mamlakatimizdagi yer islohotining navbatdagi bosqichi sifatida ko‘rishimiz mumkin, – deydi O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov. – Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda yangi mexanizm joriy qilinmoqda. Enda bunday yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolari orqali 30 yilga ijaraga beriladi. Yer ijarachiga bu usulda berilsa, narxni oshirib borish tamoyiliga amal qilinadi. Bunda boshlang‘ich narx yer uchastkasining normativ qiymati miqdorida belgilanadi.
Aytaylik, kimdir yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolarida g‘olib bo‘ldi. G‘olib o‘z navbatida, yer uchastkasi narxini uch yil muddatda har oyda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash majburiyatini oladi. Bu tartib ijtimoiy daftarda ro‘yxatda turadiganlarga boshqacharoq joriy qilingan.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turganlar xuddi shunday auksionda g‘olib bo‘lsa, to‘lovda nisbatan qulayroq tartib qo‘llaniladi. Ularga yer uchastkasi narxini besh yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilmoqda. Bu o‘rinda ijaraga oluvchi yerdan dehqon xo‘jaligi, yakka tartibda bog‘dorchilik, polizchilik va chorvachilikni yuritish uchun foydalanishi lozim.
Farmon bilan yer uchastkasini ijaraga olganlarga yana bir muhim qulaylik yaratildi. Endi ular ijaraga olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini boshqa shaxsga ijaraga bera oladi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ijarachi belgilangan huquq va majburiyatlarini yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin.
Bu jarayonda e’tibor qaratish muhim bo‘lgan jihatlar bor. Bunda ijaraga oluvchi yerga ijara huquqini boshqaga o‘tkazishdan oldin undan kamida uch yil foydalangan bo‘lishi kerak. Agar yer 2021 yilgacha bo‘lgan davrda hokim qarori bilan olingan bo‘lsa, foydalanilgan davr kamida besh yil bo‘lishi lozim. E’tibor qaratish muhim bo‘lgan yana bir tomoni, ijaraga oluvchi tegishli to‘lov majburiyatini to‘liq bajargan bo‘lishi shart.
– Eski tartibda ham ijaraga oluvchi yer uchastkasini garovga qo‘yishi mumkin edi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqarma bosh maslahatchisi Tolmas Quroqboyev. – Lekin garov majburiyati ta’minlay olinmagan holatda garovga oluvchi – tijorat banki tomonidan yer maydoni xatlab qo‘yilardi. Bu holatda yer aktiv sifatida “muzlar” edi. Prezident farmoni bu kabi jarayonni bozor tamoyili asosida yerni fuqarolik huquqiy munosabatlarining erkin aktivi sifatida joriy etish imkonini berdi. Bu nima degani? Yerning garovga qo‘yilgan qismi uchun majburiyat ta’minlanmaganda yer qayta ijaraga berilishi mumkin. Ijaradan tushgan mablag‘lar sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tasdiqlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu hujjat mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tizimini soddalashtirish, jarayonlarda shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Yerni munosiblarga topshirish samarani, yuqori hosildorlikni ta’minlaydi. Bu yurtning obodligi, xalqning dasturxoni to‘kinligiga xizmat qiladi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri