Chet el korxonalari o‘zbek tadbirkorlari bilan hamkorlik qilishidan oldin reytingga qarab baho beradi

289

Prezident qarori amalda

Mamlakatimizda biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy qilinib, ushbu sohani rivojlantirish borasida davlat rahbari boshchiligida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada bugun har bir ishbilarmon doira vakillari islohotlar natijasini o‘zining faoliyatida his qilmoqda.

Ushbu islohotlarning yana bir isboti – 2024 yil 23 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bo‘ldi.

Ayni paytda poytaxtimizda mazkur qaror bo‘yicha ertadan joriy etilayotgan Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi mazmun-mohiyatini keng tushuntirish yuzasidan seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda.

Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov, Soliq qo‘mitasi raisi Sh.Kudbiyev va Prezident huzuridagi Tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.Qosimov ishtirok etayotgan tadbirda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan navbatdagi hujjat biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi bo‘lishi ta’kidlandi.

Ushbu qaror bilan, endilikda tadbirkorlik faoliyatiga, uning barqaror ishlashiga, xususan, qonuniy faoliyat yuritib, yangi ish o‘rinlarini yaratish, investitsiyalar jalb qilish, mahalliy mahsulotlarning eksportini amalga oshirib, jahon bozorlariga chiqayotgan tadbirkorlar uchun subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar taqdim qilinadi.

Endi tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga avtomatlashtirilgan axborot tizimi baho beradi. Muloqot davomida reyting natijalariga ko‘ra tadbirkorlarimizga imtiyoz, subsidiya va preferensiyalar berilishi belgilab qo‘yilgani qayd etildi.

Barqarorlik reytingi kelajakda mamlakatimiz tadbirkorlarining yuzi bo‘lishi, u chet el biznesi orasida tan olinishi, chet el korxonalari o‘zbek tadbirkorlari bilan xamkorlik qilishidan oldin reytinga qarab baho berish imkoni yaratiladi.

Tadbirda, shuningdek, qarorda aks muhim vazifalar yuzasidan fikrlar bildirilmoqda.

 

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA