Ispaniyaning La-Nusiya shahrida boks bo‘yicha havaskorlar o‘rtasidagi “Boxam-2024” turnirining ilk kunida to‘rt nafar hamyurtimiz ringga ko‘tarildi.
Musobaqaning -63,5 kg vazn toifasida Ruslan Abdullayev portugaliyalik Duarte Davidni, -71 kg vaznda Havasbek Asadullayev italiyalik Cavallaro Salvatoreni, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev esa ruminiyalik Nistreanu Marcyelni, vazni -80 kg bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Jasurbek Yo‘ldoshev qirg‘izistonlik Erkin Adilbekni 5:0 hisobida yengib, navbatdagi bosqichga yo‘l oldi.
Ma’lumot uchun, 4 fevral kuniga qadar davom etadigan ushbu musobaqa terma jamoamiz a’zolari uchun Italiyada 4-11 mart kunlari o‘tkaziladigan “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi musobaqadan oldin so‘nggi bosqich tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Turnirda bokschilarimiz To‘lqin Qilichev, Xuan Enrike, Akmal Hasanov va Sirojiddin Naimov murabbiyligi ostida ishtirok etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA