Bank xodimlariga Ma’lumotlarni boshqarish tizimi borasida tushunchalar berildi
217

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida SupTech loyihalarini amalga oshirish doirasida Ma’lumotlarni boshqarish tizimini rivojlantirish yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda KPMG kompaniyasining Chexiyadagi Global kompetensiya markazi rahbari Ondre Kulxanek DAMA metodologiyasiga muvofiq ma’lumotlarni boshqarish yo‘nalishlari, shuningdek, ushbu tizimning operatsion modeli, rollari, jarayonlari, texnologiyalari haqida axborotlarni taqdim etdi.
Seminar davomida ishtirokchilar ma’lumotlarni boshqarish, jumladan, fundamental tamoyillar, amaliy vositalar va ularni turli sohalarda qo‘llash usullari haqida tushunchalarga ega bo‘ldi.

Ma’lumotlarni boshqarish murakkab jarayon bo‘lib, ular bilan ishlashning barcha jihatlarini, jumladan, to‘plashdan tortib, to tahlil qilish va saqlashgacha qamrab oladi. Ushbu jarayonning maqsadi ma’lumotlardan foydalanishning osonligini, ularning aniq, to‘liq va xavfsiz bo‘lishini ta’minlashdir.
Jahon standartlari asosida ma’lumotlarni boshqarishning yangi tizimini ishlab chiqish Markaziy bankka o‘zgarishlarga moslashish va strategik maqsadlarni yanada samarali amalga oshirish imkonini beradi.

Sh. Mamaturopova, O‘zA