Xorijiy investitsiyalarga ta’sir etuvchi qanday chora-tadbirlar ishlab chiqilgan? – Mutaxassis javob berdi

Bugungi davr har bir mamlakat uchun iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, investitsion muhitni yaxshilash talabini qo‘ymoqda. Negaki, ko‘plab sohalar, jumladan, iqtisodiyot, energetika, qishloq xo‘jaligi, iqlim o‘zgarishidagi muammolar yechimida investitsiya mablag‘larini jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli, qaysi bir rivojlangan yoki rivojlanayotgan davlatlar bo‘lmasin, keyingi paytlarda bu kabi mablag‘larga ehtiyoj sezilmoqda.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Muzaffar Karimovning qayd etishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi – UNCTAD ma’lumotlarida dunyoda investitsion muhit o‘rganilgan. Unga ko‘ra, birgina 2022 yilda ko‘plab mamlakatlar investitsiya siyosati choralarini ishlab chiqish bo‘yicha o‘z faoliyatini kuchaytirgani kuzatilgan.
–Shundan kelib chiqib, ilmiy muassasamiz olimlari tomonidan dunyoda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar siyosatining bugungi yo‘nalishlari va O‘zbekistondagi vaziyat o‘rganib chiqildi, – dedi M.Karimov. – Unga ko‘ra, 66 ta mamlakat xorijiy investitsiyalarga ta’sir qiluvchi 146 ta chora-tadbirni joriy qilgan. O‘zbekiston haqida to‘xtalganda, 2021 yilda xorijiy investitsiyalar bilan bog‘liq 2 ta chora-tadbir qabul qilingan bo‘lsa, 2022 yilda ularning soni 4 tani tashkil etgan.
2022 yilda qabul qilingan xorijiy investitsiyalarga ta’sir etuvchi chora-tadbirlarning 70 foizi investitsiyalar uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan bo‘lib, ularning 3/4 qismi har doimgidek rivojlanayotgan mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekistonda qabul qilingan.
Ikki tomonlama investitsiya shartnomalarini isloh qilishni faollashtirish jarayoni davom etmoqda. 2022 yilda amaldagi Ikki tomonlama investitsiya shartnomalarining umumiy soni 2 ming 584 tani tashkil etdi. Buning 2 ming 300 ga yaqini 2012 yilgacha qabul qilingan eski avlod shartnomalaridir.
O‘zbekistonda amaldagi ikki tomonlama investitsiya shartnomalari 49 tani tashkil etadi. Ulardan faqat 5 tasi 2012 yildan keyin imzolangan yangi avlod shartnomalaridir. Yangi avlod shartnomalari asosan davlatning investitsiya tizimini nazorat qilish, tartibga solish va boshqarish huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga, shu jumladan, milliy xavfsizligini ta’minlash va jamoat investitsiyalarini qo‘llab-quvvatlash, uzoq muddatli majburiyatlardan voz kechish va shartnomalarni o‘zgaruvchan iqtisodiy voqelikka moslashtirish imkoniyatlarini o‘z ichiga oladi.
2020 yilda UNCTAD mamlakatlarning rivojlanishini baholash bo‘yicha yangi vosita – Ishlab chiqarish salohiyati indeksi (PCI)ni taklif qildi. U an’anaviy YAIM ko‘rsatkichining muqobili bo‘lib, islohotlar o‘tkazilishi zarur bo‘lgan sohalarni aniqlashda yordam beradi.
O‘zbekistonning 2022 yilgi PCI bahosi 42 ballni tashkil etdi. Dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 46,8 ballga teng. O‘zbekiston tabiiy kapitalning mavjudligi va undan foydalanish bo‘yicha dunyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan katta ustunlikka ega bo‘lsa-da, “Transport” (dunyo bo‘yicha o‘rtacha 34,1 ballga nisbatan 25 ball), “Xususiy sektor” (50,8 ballga nisbatan 34,9 ball), “Institutlar” (51,9 ballga nisbatan 38,4 ball) va “Inson kapitali” (44,6 ballga nisbatan 36,9 ball) subindekslari bo‘yicha ortda qolmoqda.
Umuman olganda xorijiy investitsiyalar sohasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosat ko‘p jihatdan jahondagi tendensiyalarga mos keladi. Shunga qaramay, islohotlarning maqsadga muvofiqligini kuchaytirish, ishlab chiqarishning orqada qolayotgan sohalariga e’tibor qaratish respublikaning yanada kompleks tarzda va mutanosib rivojlanishiga olib keladi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi