Aziz Abduhakimov: “Issiqxonalarga filtrlar o‘rnatilmasa, atmosferani tozalash haqida gapirish foydasiz” (+video)

Parlament quyi palatasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduhakimov issiqxonalarga filtrlar o‘rnatilishi lozimligini ta’kidladi.
– So‘nggi yillarda issiqxonalar 2,5 baravarga yetgan. Ularning 60 foizining asosiy isitish manbai ko‘mir hisoblanadi. Tadbirkorlarga tushuntirish olib borilganda filtrlar o‘rnatish aytiladi. Ammo ularning qimmatligi bo‘yicha e’tiroz bildiriladi. Bunga yechim topish, banklar bilan ishlab, har bir issiqxonaga banklarni biriktirib, yashil kreditlar ya’ni, yengilroq yechimni topish ustida ishlar olib borilmoqda. Issiqxonalarga filtrlar o‘rnatilmasa, Toshkentning atmosferasini tozalash haqida gapirishning foydasi yo‘q, – dedi vazir.
Shuningdek, A.Abduhakimov past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash maqsadga muvofiqligini bildirdi.
– O‘tgan 2023 yilda atmosfera havosiga tashlamalar 2 138,3 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, ulardan 1 279,9 ming tonnasi yoki 59,9 foizi avtotransport vositalari, 858,4 ming tonnasi yoki 40,1 foizi sanoat korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Atmosfera havosiga tashlamalar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent viloyati (679,7 ming tonnani tashkil etgan) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bunda avtotransport vositalarining ulushi 252,1 ming tonna, sanoat korxonalarining ulushi 427,6 ming tonnani tashkil etgan.
Toshkent shahrida atmosfera havosiga 417,6 ming tonna, xususan, avtotransport vositalaridan 396,6 ming tonna yoki 95 foiz, sanoat korxonalaridan 21 ming tonna yoki 5 foiz tashlamalar chiqarilgan.
Prezidentimiz raisligida o‘tgan yig‘ilishda sifati past benzindan voz kechish haqida aytildi. “Yevro-4″ va undan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash maqsadga muvofiq. AI-92 benzinga o‘tish va uni chetdan arzonroq narxda olib kelish choralarin ko‘rish lozim, – dedi vazir.
M.Komilova, O‘zA