Maktablarda “Qalqon” jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi

Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilning “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb nomlanishi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ishlar natijadorligi va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish borasida oldimizda turgan muhim vazifalarni belgilab berdi.
Xususan, 2024 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha yoshlar dasturlari ishlab chiqildi va hududlarda yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha 8 ta yo‘nalishda ustuvor vazifalar va bu borada har chorakda erishiladigan prognoz ko‘rsatkichlar belgilanmoqda.

Jumladan, vazirlik idora va tashkilot rahbarlariga 144 ming 738 nafar alohida e’tiborga muhtoj yoshlar biriktiriladi. Ular har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, muammolarini hal qilish orqali hayotda o‘z o‘rnini topishlari hamda kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash choralarini ko‘radi.
“Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, jami 412 ming 528 nafar yosh, jumladan, 190 ming 529 nafar ishsiz va 221 ming 999 nafar maktab bitiruvchilari bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Shuningdek, targ‘ibot va tushuntirishlar orqali 696 ming nafar norasmiy sektorda band bo‘lgan yoshlar o‘zini-o‘zi band qilish orqali rasmiy sektorga o‘tkaziladi.
Xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatini yuritayotgan va ko‘makka muhtoj bo‘lgan 189 593 nafar yosh muammolarini hal etish, ularni Vatanga qaytarish hamda kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash ishlari amalga oshiriladi.

Yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan beriladigan yordam turlari transformatsiya qilinib, asosiy e’tibor yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish va islohotlarga daxldorlik hissini oshirishga qaratiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 272 ming 750 nafar yoshga “Yoshlar daftari” tizimi imkoniyatlari orqali amaliy yordam ko‘rsatish chorasi ko‘riladi.
Shu bilan birgalikda, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni keskin kamaytirish maqsadida jinoyatchilikka moyilligi bor bo‘lgan yoshlar ro‘yxati shakllantiriladi va ular bilan manzilli ishlashga qaratilgan “Harakatlar rejasi” ishlab chiqiladi.
Jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan yoshlar harbiy vatanparvarlik oromgohlariga jalb etiladi. Shuningdek maktablarda ham “Qalqon” jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Bu orqali, 2024 yilda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik holatlarining oldini olishga qaratilgan zarur choralar ko‘riladi.
Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan boshlab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tanlov va musobaqalarni mahalla, maktab, professional ta’lim, oliygohlarga qo‘shimcha ravishda korxona va tashkilotlar tizimida o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.
Iqtidorli yoshlarni izlab topish, iste’dodini ro‘yobga chiqarish va ularni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish tizimi takomillashtiriladi.
Ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarga 4,6 million nafar yosh qamrab olinadi.
Jumladan, “Ibrat farzandlari” YouTube platformasi orqali 1,2 million, “lbrat Academy” mobil ilovasi orqali 1,1 million, “UzChess” loyihasiga 580 ming, volontyorlik va liderlik loyihalariga 543 ming hamda intellektual o‘yinlarga 1,1 million nafar yoshni keng jalb qilish choralari ko‘riladi. Hududlarda jami 989 ta yoshlar infratuzilmalari barpo etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun qo‘shimcha zarur sharoitlar yaratiladi.
Xususan, 280 ta maktab, 247 ta sport maydonchasi, 105 ta yoshlar sayilgohi, 93 ta yoshlar ijod ko‘chasi, 11 ta “Kreativ park”, 80 ta kutubxona, 59 ta “buk kafe”, 34 ta “kibersport klubi”, 6 ta “disko” maydon, 1 ta sanoat zonasi, 3 ta yoshlar markazi va 70 ta boshqa turdagi ob’ektlar barpo etiladi.
Bu tizimni hayotga tatbiq etish natijasida 2024 yilda jami 15 milliondan ortiq yosh qamrab olinishi rejalashtirilgan.
O‘tgan yilda orttirilgan tajriba asosida, joriy yil yanvar oyida mahallalarda yangidan xatlov ishlari amalga oshirilmoqda va yoshlarning muammosi va qiziqishidan kelib chiqib, ular bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Xulosa o‘rnida aytganda, yoshlar dasturlarida ilgari surilgan yoshlar siyosatiga oid taklif va tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi yoshlarimizning Vatanimiz taraqqiyotidagi mas’uliyati va o‘rnini oshirishda qator natijalarga erishish imkonini beradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA