2023 yilda 10 ming 306 kilogramm giyohvandlik vositasi aniqlangan

Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar jamiyat hayotiga, millat genofondiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan statistik raqamlarga ko‘ra, giyohvandlik vositalarini o‘tkazish bilan bog‘liq 2020 yilda 1 ming 874 ta, 2021 yilda 2 ming 91 ta, 2022 yilda 2 ming 427 ta, 2023 yilda 3 ming 13 ta jinoyatlar aniqlangan. Bu kabi vositalar miqdori ham ortgan — 2022 yilda 2031, 2023 yilda 10 ming 306 kilogramm giyohvandlik vositasi aniqlangan bo‘lsa, psixotrop moddalar 2022 yilda 81 kg, 2023 yilda esa 172 kg muomaladan olingan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof ravishda muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Mazkur masala yuzasidan ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Shavkat Rahmonov ma’ruza qildi:
— Bugungi kunda voyaga yetmagan shaxslarni jalb qilgan holda hamda telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish orqali giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarning qonunga xilof ravishda muomalasi ko‘payib borayotganligi ushbu huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Shu bilan birga, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatganlik yoki reklama qilganlik uchun odillik prinsipiga muvofiq jazo choralarini qo‘llash maqsadida ushbu turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurati mavjud.
Mazkur qonun loyihasi bilan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyatini e’tirof etgan holda ayrim taklif va mulohazalarini bildirdilar. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA