O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi tashkil etilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. 2021 yilda tashkil etilgan ushbu tuzilma bel olish va uchkurash, bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish, polvonlik va dorbozlik sporti, uloq-ko‘pkari, ot poygasi, ot ustida kurash, chavgon, tangi iluv, ot ustida kamon otish, kamondan otish, ov qushlari bilan ko‘rgazmali ov qilish kabi milliy etnosport turlarini jahonda ommalashtirish hamda takomillashtirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Ushbu assotsiatsiya milliy sport turlari bo‘yicha tadbirlar, musobaqalar va o‘quv dasturlarini tashkil etish orqali qadimiy va milliy sport turlarining zamonaviy davrda ham izchil rivojlanishini ta’minlashda xizmat qilmoqda. Assotsiatsiya qisqa muddatli faoliyati davomida O‘zbekistonda ham, xalqaro miqyosda ham etnosport ommalashuvida katta muvaffaqiyatlarga erishdi.

Jumladan, 2023 yilda xalqaro tashkilotlar ekspertlari, O‘zbekiston vazirliklari va idoralari vakillari, shuningdek, professional va havaskor yosh sportchilar ishtirok etgan oltita yirik va ahamiyatli tadbir o‘tkazdi.

18-19 fevral kunlari “Chimgan Challenge-2023” festivali doirasida qishki sport turlari bo‘yicha, 24 mart kuni Toshkentning “Lokomotiv” bog‘ida polvonlik va dorbozlik musobaqasining o‘tkazilishi muhim voqelik bo‘ldi.

10 aprel kuni Buxoro shahrida “Kashtachilik va milliy xalq o‘yinlari” milliy festivali bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada yurtimizning barcha hududlaridan o‘ttizdan ortiq hunarmandlar ishtirok etdi. Festival doirasida xalq o‘yinlari bo‘yicha musobaqalar ham o‘tkazildi. Ishtirokchilar milliy kurash, belbog‘li kurash va milliy jang san’atining boshqa turlari bo‘yicha bellashdi.

Shuningdek, 26 may kuni Toshkentdagi “Navro‘z” istirohat bog‘ida “O‘zbekiston etnik o‘yinlari” respublika festivali tashkil etildi.

7-9 sentyabr kunlari Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro etnosport festivali 2023 yilning eng nufuzli va katta tadbirlaridan biri bo‘ldi. Festival doirasida O‘zbekistonda Butunjahon etnosport konfederatsiyasi faoliyatini targ‘ib qilish va takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan bir qancha davra suhbatlari o‘tkazildi.

Festivalda YUNESKO, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi va Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vakillari ham ishtirok etdi. Festival dasturidan ko‘plab musobaqalar jumladan, belbog‘li kurash bo‘yicha xalqaro turnir, o‘zbek jang san’ati bo‘yicha jahon chempionatlari, ommaviy kurash va tosh ko‘tarish, kamondan otish hamda ot sporti toifasidagi musobaqalar tashkil etildi.

2023 yil 22 dekabr kuni Qarab tep federatsiyasining taqdimot marosimi o‘tkazildi. Unda sportning ushbu turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha rejalar hamda etnosportni yanada rivojlantirish vazifalariga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” taqdim etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston vakillari 34 ta turli musobaqalarda munosib ishtirok etib, etnosportning ommalashuviga o‘z hissasini qo‘shdi.

– 2024 yilda ham O‘zbekistonning o‘ziga xos madaniy an’analari bilan tanishishdan manfaatdor sayyohlarni jalb etish kabi yangi maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz, – deydi Assotsiatsiya raisi Oybek Norinbayev. – Etnosport turizmini rivojlantirish orqali mamlakat nafaqat madaniy merosini saqlab qolishi, balki mahalliy hamjamiyatlarning iqtisodiy o‘sishini ta’minlashi mumkin. Tashrif buyuruvchilar uchun etnosport festivallari yoki interaktiv seminarlar kabi qiziqarli tadbirlarni tashkil etish O‘zbekistonning an’anaviy sport turlarining go‘zalligi va boyligini namoyish etishga yordam beradi.

Shuningdek, Assotsiatsiya vakillarining 2024 yilning 16-18 fevral kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadigan Etnosport forumida ishtirok etishi rejalashtirilgan.

11-13 may kunlari esa Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida “Etno va zamonaviy moda haftaligi” xalqaro etno-o‘yinlar festivali, xalq hunarmandchiligi va zargarlik buyumlari yarmarkalari bo‘lib o‘tadi.

Gruziya kurashi xalqaro federatsiyasi taklifiga binoan Assotsiatsiya vakillari 2024 yilning may oyida Gruziyada bo‘lib o‘tadigan etnosport festivalida ham ishtirok etadi.

Shuningdek, joriy yilda Toshkent shahrida respublika Etnosport festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zA