Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad ibn Abdulrahmon bin Jassim Ol Soniy ma’lumot berishicha, ushbu mamlakat vakillari Misr, Isroil va AQSH razvedka idoralari bilan birga G‘azoda sulh tuzish va asirlarni ozod qilish ustida ish olib bormoqda.

Dohalik rasmiy o‘tgan hafta oxirida ushbu guruh faoliyatida Isroil – XAMAS o‘rtasida sulh tuzilishini ta’minlash va garovdagilarni qutqarish bo‘yicha ijobiy o‘zgarish kuzatilganini aytdi.

7 oktyabrdan buyon jangni to‘xtatishga qaratilgan muzokaraga yetakchilik qilayotgan uch davlat rasmiy vakillari bu gal Fransiya poytaxti Parijda uchrashdi.

Qatar hukumati rahbari ta’kidlaganidek, birinchi navbatda ayollar va bolalarni ozod qilish, qamaldagi G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami kiritishni nazarda tutuvchi sulh jarayoni muhokama qilingan.

Bosh vazir tomonlarning jarayonni yanada faollashtirishiga umid bildirgan holda, ko‘rib chiqilgan takliflarni XAMASga yetkazishga va’da bergan.

Qatar va AQSH ishtirokida o‘tgan yil noyabr oyi oxirida kechgan muzokara bir hafta davom etgan edi. Kelishuv natijasida G‘azodagi Falastin guruhlari tomonidan qo‘yib yuborilgan 100 dan ortiq asir Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 dan ziyod falastinlik evaziga ozod qilingan.

Shundan buyon oilalar Netanyaxu hukumatiga o‘z yaqinlarini qaytarishni ta’minlovchi kelishuvga erishishni so‘rab keladi.