AQSHning Yaqin Sharqdagi kuchlariga oktyabrdan buyon 165 marta hujum qilingan
2023 yil 17 oktyabrdan buyon AQSHning Yaqin Sharqdagi kuchlari 165 marta hujumga uchradi, deb bayonot berdi mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx jurnalistlar uchun uyushtirilgan brifingda.
– 17 oktyabr-23 yanvar oralig‘ida 165 hujum qayd etildi: 66 ta Iroqda, 98 ta Suriyada va oxirgisi Iordaniyada, – dedi Pentagon vakili.
Yaponiya Bosh vaziri KXDR yetakchisi bilan uchrashish tarafdori
Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida parlamentga taqdim etgan dasturiy ma’ruzasida Pxenyan bilan munosabatga oid muammoni hal etish uchun Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan uchrashishi zarurligini ma’lum qildi.
Avvalroq Janubiy Koreya matbuoti KXDR va Yaponiya vakillari 2023 yil ikki uchrashuv o‘tkazganini yozgan edi. O‘g‘irlab ketilgan kun chiqar yurt fuqarolari masalasi muhokama qilingan uchrashuv uchinchi mamlakatda tashkil etilgan. Yaponiya hukumati bu xabarni rasman tasdiqlagani yo‘q.
JPost: XAMAS garovga olinganlarni ozod etish qarorini rad etgan
XAMAS harakati Misr, Isroil, Qatar va AQSH ishtirokida Parijda bo‘lib o‘tgan muzokarada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha ilgari surilgan takliflarni rad etgan, deb xabar tarqatdi “The Jerusalem Post” gazetasi.
XAMAS va Falastin Xalq ozodlik jabhasi ta’kidlashicha, ushbu taklif o‘t ochishni butunlay to‘xtatishni nazarda tutmagan.
Hindiston 19 nafar pokistonlik dengizchini ozod qildi
Hindiston harbiy dengiz kuchlariga qarashli kema ekipaji “Al Naeemi” kemasini 19 nafar Pokiston fuqarosi bilan birga qaroqchilardan qutqardi. “India TV” telekanali xabar berishicha, kema somalilik 11 qaroqchi tomonidan egallab olingach, halokat chaqiruvi (SOS)ni chalgan.
2023 yil AQSH boshqa mamlakatlarga 80,9 milliard dollarlik mudofaa mahsuloti yetkazib bergan
Ushbu raqam Davlat departamenti saytida e’lon qilingan 2023 yilgi moliyaviy hisobotda keltirilgan.
Bu borada eksport o‘sishi 55,9 foizni tashkil etdi. 2022 yil ushbu ko‘rsatkich 51,9 milliard dollar edi. “Bu ittifoqchilar va sheriklarga ko‘rsatilgan eng yuqori yillik sotuv va yordam hisoblanadi”, – deyiladi hujjatda.
Kolumbiyada Al-Nino fenomeni sabab bir yillik favqulodda vaziyat joriy qilindi
Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro iqlim bilan bog‘liq Al-Nino fenomeni sharoiti bois mamlakatda bir yillik muddat bilan favqulodda holat e’lon qildi, deb xabar tarqatdi davlat rahbari ma’muriyati matbuot xizmati.
Farmonda ta’kidlanishicha, alohida tartib 12 oyga cho‘ziladi. Mazkur chora tabiiy ofatlar oqibatini bartaraf qilish uchun byudjetdan qo‘shimcha mablag‘ ajratish imkonini beradi. Mamlakatda bir necha oydan buyon anomal issiq kuzatilmoqda.
Shinjon hukumati sayyohlar oqimini 300 million kishiga yetkazmoqchi
XXR Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani rahbariyati yillik sayyoh oqimini 300 million kishiga yetkazmoqchi. Bu haqda hudud Xalq hukumati ma’ruzasida keltirilgan.
“Kazinform yozishicha, o‘tgan yil tumanga 265 mmillionga yaqin turist kelgan. Bu avvalgi yildan 117 foiz ko‘p. Soha daromadi esa 41,78 milliard dollarni tashkil etgan.
Saidmurod Rahimov tayyorladi, O‘zA