Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Bryusselda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” anjumanida so‘zga chiqib, mintaqamiz davlatlarini “to‘rt yil avval biroz e’tiborsiz qolgan” edi, hozir esa “voqealar markazida”, deya ta’kidladi.

YeI mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni, ayniqsa, Rossiyaga qarshi sanksiya samaradorligini ta’minlash uchun mustahkamlashni istaydi.

“RIA Novosti” yozishicha, Yevropa diplomatiyasi rahbari Bryusselda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan YeI va MO mamlakatlari o‘rtasidagi transport aloqalariga bag‘ishlangan investitsiya forumida, jumladan, shunday degan:

– Hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqining asosiy hamkoriga aylanib bormoqda. To‘rt yil oldin Bryusselda ish boshlaganimda Markaziy Osiyo biroz chetda, degandim. Endi esa mintaqa barcha voqealar markazida turibdi.

Sanksiya samara berishi uchun biz Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi savdo-sotiqni diqqat bilan kuzatib boramiz, cheklov choralarini chetlab o‘tishga imkon beruvchi mexanizmni tahlil qilishga harakat qilyapmiz. Bu boradagi hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz kerak, chunki xalqaro global muammolarga qarshi birgalikda kurashish zarur.

Shuningdek, u “infratuzilmani rivojlantirish orqali YeI va MO davlatlari o‘rtasida transport tizimini mustahkamlash, umumiy qadriyatlarni himoya qilish yo‘lidagi faoliyat yorug‘ kelajakni baham ko‘rish maqsadida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosiy maqsadga javob berishi” kerakligini qo‘shimcha qilgan.