Ish haqini himoya qilishga oid konvensiya ratifikatsiya qilinadi

259

Inson manfaatlari ta’minlanishida munosib ish sharoiti va ish haqining ehtiyojlarga mosligiga e’tibor qaratish muhim o‘rin tutadi.

Shu maqsadda mehnatkashlar manfaatlarni hurmat qilish tamoyillariga qat’iy rioya qilgan holda ish haqi to‘lanishini ta’minlashga qaratilgan xalqaro huquqiy bazaga milliy qonunchilik moslashtirilmoqda.

“Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1949 yil 1 iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida mazkur qonun muhokama qilindi. Milliy qonunchilikning Konvensiya qoidalariga muvofiqligi, uni ratifikatsiya qilishdan kutilayotgan natijalar va keyinchalik amalga oshirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro mehnat standartlarini samarali joriy etishni ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning mehnatkashlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy xalqaro tamoyil va standartlarga sodiqligini namoyish etadi.

Majlisda Senat kengashining 2023 yil 5 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini yanada takomillashtirish va ularga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish samaradorligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish uchun mas’ul vazirlik va idoralarning axboroti eshitildi.

Bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilgan, xususan, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, zonalar rezidentlari tomonidan import qilinadigan xomashyo va eksport qilinadigan mahsulotlarni bojxonada tartibga solish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Senatorlar “Yo‘l xaritasi”ning bir qator bandlari to‘liq va o‘z vaqtida bajarilmagani uchun qator mas’ul idoralarni tanqid ostiga oldi. Misol uchun, maxsus iqtisodiy zonalarni o‘rta muddatli istiqbolda tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari rejasi Energetika vazirligi tomonidan haligacha tasdiqlanmagan. Maxsus iqtisodiy zonalarning bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan bino va inshootlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan xatlovdan o‘tkazilmagan va ularni amalga oshirish bo‘yicha takliflar kiritilmagan.

“Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini xorijlik ekspertlarning tavsiyalaridan kelib chiqib, takomillashtirish zarurligiga ham e’tibor qaratildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA