Fidoyilik va jasorat timsoli

Xalqini tinchlikda, omonlikda saqlash, mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, jonajon O‘zbekistonimizni osoyishta, xavf-xatardan yiroq bo‘lishini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning hayot mazmuni edi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1938 yilning 30 yanvarida Samarqand shahrida oddiy xizmatchi oilasida tavallud topdi. 1945 yilda Samarqanddagi A.S.Pushkin nomidagi 21-maktabga o‘qishga kirib, uni oltin medal bilan tamomladi.
1955 yilda Islom Abdug‘aniyevich O‘rta Osiyo politexnika institutiga o‘qishga kirdi. 1960 yilda uni tamomlab va “muhandis-mexanik” mutaxassisligi bo‘yicha diplom olib, “Tashselmash” zavodida o‘z mehnat faoliyatini boshladi va qisqa davr ichida usta yordamchisi, usta va texnolog kabi lavozimlarda ishlashga ulgurdi.
Intiluvchanligi, bilimdonligi va tashkiliy fazilatlari tufayli 1961 yilda u sobiq Sovet Ittifoqining harbiy-sanoat majmuasining yirik korxonalaridan birida – Toshkent aviatsiya zavodida muhandis lavozimiga tayinlandi. Bu yerda u 1966 yilgacha ishlab, yetakchi muhandis-konstruktor lavozimigacha ko‘tarildi.
Maktab yillarida, institutda, ishlab chiqarishdagi mehnat faoliyatida va iqtisodiy ta’lim olayotganida va dissertatsiyasini himoya qilganida ham u o‘z kuchi va bilimiga tayandi. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim oldi. Aynan shu tarzda 1967 yilda u Toshkent xalq xo‘jaligi institutining kechki bo‘limini tamomladi.
1973 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutida “O‘zbekiston sanoatining tarmoq tuzilishi va uni takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1975 yilda Moskvada nufuzli Xalq xo‘jaligi boshqaruvi institutida iqtisodiy-matematik usullar va hisoblash texnikasini qo‘llagan holda ishlab chiqarish va rejalashtirishni boshqarish, tashkil qilish zamonaviy usullari sohasi bo‘yicha tahsil oldi. 1994 yilda unga iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasi, “makroiqtisodiyot” ixtisosligi bo‘yicha professor ilmiy unvoni berildi. U O‘zbekiston Fanlar akademiyasining “iqtisodiyot” ixtisosligi bo‘yicha haqiqiy a’zosi etib saylandi.
1966 yildan boshlab Islom Karimov O‘zbekiston Davlat reja qo‘mitasida ishlab, fan bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimidan Davlat reja qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimigacha yo‘lni bosib o‘tdi. 1983 yilda Moliya vaziri, 1986 yilda Ministrlar Kengashi raisining o‘rinbosari – O‘zbekiston Davlat reja qo‘mitasi raisi bo‘ldi.
Iqtisodchi, nazariyachi va amaliyotchi Islom Karimov xo‘jalik yuritishning ma’muriy-buyruqbozlik tizimi butunlay noto‘g‘riligini ko‘rib anglagan. Respublikaning moliyaviy-iqtisodiy rivojlanishi rejalarini shakllantirgan Davlat reja qo‘mitasida va Moliya vazirligida xizmat pillapoyalaridan o‘tayotib, tahliliy tafakkurga ega bo‘lgan holda hech kimga ma’lum bo‘lmagan yuzaga kelgan muammolarni ich-ichidan his qilardi.
1986 yilda Islom Karimovning Qashqadaryo viloyati partiya qo‘mitasi birinchi kotibi lavozimiga tayinlanishi uning taqdirida o‘ziga xos burilish yasadi. Islom Abdug‘aniyevich juda murakkab viloyatga yuborilgan edi. Butun O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat oson emasdi, Qashqadaryo viloyatida esa vaziyat ancha murakkablashgan edi.
U Qashqadaryoda qariyb uch yil ishladi. Uning bosh maqsadi xalqning ishonchini qozonish, hokimiyatga nisbatan munosabatini o‘zgartirish, viloyatda ishlarning ahvolini yaxshilashdan iborat edi. Va u buni uddaladi. Qariyb 300 km. yo‘llar, bozorlar, ijtimoiy-madaniy ob’ektlar qurildi. Hozirgacha viloyatda odamlar Islom Abdug‘aniyevich Karimov ishlagan kunlarini mamnuniyat bilan eslaydi.
Islom Karimov qanday lavozimda ishlamasin, u, avvalambor, o‘z Vatanining fuqarosi bo‘lib qoldi, xalqining baxtli va farovon turmush kechirishini xohladi. Xalq ham o‘z hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarni his qilib, unga katta ishonch bilan qarabgina qolmay, balki o‘z yo‘lboshchisining haqiqiy fikrdoshi bo‘ldi.
1989 yil 23 iyun kuni Islom Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi etib saylandi va o‘sha vaqtda fojeali voqealar ro‘y bergan pallada O‘zbekiston boshqaruvini o‘z zimmasiga oldi. Islom Karimov millatlararo ziddiyatni to‘xtatdi, fuqarolar urushi olovini o‘chirdi, yuz minglab, balki millionlab kishilarning hayotini saqlab qoldi, respublikamizda “xavfsizlik belbog‘i”ni shakllantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar taklif qildi. Islom Abdug‘aniyevich Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zonani yaratish bo‘yicha tashabbusni ilgari surgan va bu borada izchil harakatlar qilgan.
Birinchi Prezident rahbarligida O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi ishlab chiqilib, uning asosini tinchliksevarlik va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, vujudga keladigan ziddiyatlar va nizolarni faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal qilish tashkil qiladi. 2012 yilda ushbu hujjat parlamentimiz tomonidan tasdiqlandi.
Mamlakatimizda g‘alla va don mustaqilligini ta’minlash, kichik va xususiy biznes, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, fermerlik harakatining rivojlanishi, dinu diyonatimizni, urf-odatlarimizni, milliy qadriyatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, buyuk mutafakkir ajdodlarimizning pok nomlarini tiklash, ularning bebaho merosini o‘rganish va targ‘ib etish, mustaqillikning ma’naviy asoslarini yaratish bevosita Islom Karimov nomi bilan uzviy bog‘liqdir. Xalqimiz bu aziz siymoni mustaqilligimiz asoschisi, el-yurt farovonligi uchun jonini ayamagan jasoratli, qat’iyatli, fidoyi shaxs sifatida doim qalbida saqlaydi.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA