O‘zbekiston – BAA: hamkorlikda sezilarli yutuqlarga erishilmoqda

254

O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o‘rtasida hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda.

Jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2022 yilda 2,1 barobarga oshgan bo‘lsa (518,6 million dollar), 2023 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 21 foizga o‘sgan (625,9 million dollar). BAA ishtirokidagi korxonalar soni 300 taga yetdi.

Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va BAA Raqobatbardoshlik kengashi raisi, Hukumat ishlari vazirining raqobatbardoshlik va bilim almashinuvi bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Nosir Lyuta uchrashuvida qayd etildi.

Suhbat davomida bu borada Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning faoliyatini yanada kuchaytirish orqali savdo ko‘rsatkichlarini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasida ko‘p qirrali aloqalarni, jumladan, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hamda raqamli texnologiyalar yo‘nalishlarida birgalikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, bu yil O‘zbekistonda Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilingani munosabati bilan aynan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Ya’ni, ularning ta’lim olishi, bandligini ta’minlash, qator ilg‘or zamonaviy sohalarda o‘tkaziladigan tadbirlarda yoshlar ishtirokini kengaytirish, bir so‘z bilan aytganda, yoshlarning har tomonlama rivojlanishini ta’minlashga e’tibor qaratiladi.

N.Abduraimova, O‘zA