Bugungi avlod uchun ibrat namunasi (+video)

341

30 yanvar – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludi kuni

Taniqli davlat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlari hech qachon unutilmaydi. Samarqand shahridagi Islom Karimov ko‘chasi va unda joylashgan Birinchi Prezidentimiz maqbara-majmuasi, viqor to‘kib turgan haykali hamda ushbu ko‘chaga yaqin hududda u tug‘ilib o‘sgan xonadon hamisha ziyorat qiluvchilar bilan gavjumligi bejiz emas. Mazkur ko‘chada yana bir muhim ob’ekt bor va u Islom Karimovning hayoti, ayniqsa, o‘quvchilik davrining eng beg‘ubor damlari haqida so‘zlaydi. Ushbu maskan shahardagi 21-umumta’lim maktabi qoshida ochilgan mo‘’jaz muzeydir.

Muzeyda asosan Islom Karimov hayotiga oid suratlar o‘rin olgan. Birinchi Prezidentimizning bolalik, o‘smirlik chog‘lari muhrlangan bu suratlar bugungi avlod uchun o‘ziga xos ibrat namunasidir.

Oddiy o‘quvchi – o‘qish va to‘garaklarda faol, ilg‘orlar safida. Mas’uliyatni his etgan holda o‘qish, izlanishdan, mehnatdan qochmagan o‘sha o‘quvchi vaqt kelib mamlakat rahbariga aylandi. Bu yosh avlod ibrat olsa arzigulik hayot yo‘li. Shu bois maktab o‘quvchilari tez-tez bu muzeyga tashrif buyurib, mustaqilligimiz asoschisi hayot yo‘li, o‘quvchilik davrlari bilan tanishib boradi.

Shuningdek, muzeyda maktab hayotiga oid muhim manbalar o‘rin olgan. Bu ham o‘quvchilarga o‘tmishdagi ta’lim jarayonlari bilan bugungi davrni taqqoslagan holda to‘g‘ri xulosa chiqarishiga turtki beradi.

Alisher ISROILOV (surat, video), O‘zA