O‘zbekistonning Dubaydagi yangi bosh konsuli tayinlandi

232

Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi – “WAM” Kamol Ikromov O‘zbekistonning Dubaydagi bosh konsuli etib tayinlangani to‘g‘risidagi xabarni e’lon qildi.

BAA Tashqi ishlar vazirligi Dubay bo‘limi direktori Shayx Maktum bin Buttiy Ol Maktum diplomatimizning konsullik patentini qabul qilib oldi.

Maqolada mulozim va konsul ikki tomonlama munosabatning joriy holati, aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbolini muhokama qilgani,  iqtisodiyot, savdo, sarmoya, yuqori texnologiyalar, innovatsiya, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, turizm, fan va madaniyat sohalaridagi sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirish xususida fikr almashilgani ta’kidlangan.

Tomonlar O‘zbekiston va BAA fuqarolarini o‘zaro viza talabidan ozod qilish to‘g‘risida bitim imzolanishi so‘nggi yillarda ikki davlat erishgan o‘zaro anglashuvning yuksak darajasi tasdig‘i, hamkorlikni chuqurlashtirishga intilish esa umumiy manfaatdorlik belgisi ekanini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, 44 yoshli Kamol Ikromov 2018-2023 yillarda mamlakatimizning Nyu-York shahridagi bosh konsuli bo‘lib ishlagan. U Dubaydagi bosh konsulligimizga 2019-2024 yillar mobaynida rahbarlik qilgan Alisher Salomov o‘rniga tayinlandi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA