Psixotrop moddalar reklamasi uchun javobgarlik kuchaytiriladi

281

Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar inson salomatligiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatishi barchamizga kunday ayon. Ammo bu kabi moddalarni iste’mol qilish yoxud oldi-sotdisi, reklamasi bilan shug‘ullanish holatlari kamayayotgani yo‘q.

Giyohvandlik vositalarini internet yoki ommaviy axborot vositalarida reklama qilganlik uchun javobgarlik belgilanmagani bois bu kabi holatlar ko‘payib bormoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof ravishda muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib, qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Shu bilan birga, bu kabi vositalar, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatganlik yoki reklama qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Ekofraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni targ‘ib yoki reklama qilinishini, ularning qonunga xilof muomalasining oldini olishga xizmat qilishini ta’kidladi. Bu esa aholi salomatligi va millat genofondiga zarar yetkazadigan bu turdagi moddalarning erkin aylanmasiga chek qo‘yadi.

Muhtarama Komilova, O‘zA