Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida is gazidan zaharlanish kabi holatlarning oldini olishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Nukus shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutaxassislari tomonidan talaba-yoshlarga tabiiy gazdan va elektr uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha keng tushuncha berildi.

Ta’kidlanganidek, qish mavsumida aholi orasida issiqlikka bo‘lgan  ehtiyoj va talab yanada ortadi. Buning natijasida xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qo‘lbola va nostandart gaz moslamalaridan foydalanish, gaz kommunikatsiyalariga rezina shlanglar orqali ulanish, mo‘rilarning nosozligi holatlari uchraydi. Bu esa salbiy oqibatlarni keltirib chikarishi  va is gazidan zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar tomonidan maxsus yong‘in-qutqaruv avtomobili va texnikalari yordamida ijarada va ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan talaba-yoshlarga tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish, yong‘in va is gazidan zaharlanish kabi holatlarning oldini olish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri