Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Madaniyat saroyida O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Deputat va yoshlar” mavzusida uchrashuv tashkil qilindi.
Unda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, professor-o‘qituvchilar, talaba yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda asosan qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi 5 ta ustuvor yo‘nalish va 100 ta maqsadni mazmun-mohiyati, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlashga qaratilayotgani qayd etildi. Shuningdek, yosh tadqiqotchilarning ulushini oshirish, barcha yo‘nalishlarda innovatsion faoliyatni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillari mamlakatimizda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi keng ko‘lamli ishlar zamirida avvalambor, yosh avlodni jamiyat hayotida siyosiy jihatdan faol, o‘z fikrini erkin ifoda eta oladigan, huquqiy madaniyati yuksak fuqaro sifatida tarbiyalash, shu orqali fuqarolik jamiyatini yanada shakllantirish va yuksaltirish mujassam. Joriy yil Prezidentimiz tomonidan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlandi. Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarining intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularni tadbirkorlik sohasiga kengroq jalb etishga davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi sifatida ahamiyat beriladi.
Bugungi kunda yurtimizda yoshlarning ilm-fan, yuqori texnologiyalarni mukammal egallashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Yoshlar bandligini ta’minlashda, ularning iqtisodiy mustaqillikka erishishi va hayotda o‘z o‘rinlarini topishida kichik biznes hamda tadbirkorlik sohasining rivojlanishi eng asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
Deputatlar bilan jonli muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri.