Xabar berganimizdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) Londondagi bosh qarorgohida “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar va ijtimoiy sheriklik” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Forumda Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etib, mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish borasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilganini alohida ta’kidladi.

– Bugun o‘zbekistonlik tadbirkorlar jahon bozorlariga ishonch bilan qadam qo‘ymoqda, – dedi T.Norboyeva. – Byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi, majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi, gender tenglikni ta’minlashda amaliy natijalarga erishildi. Bularning barchasi jahon hamjamiyatining munosib e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Qo‘yilayotgan yuksak maqsadlarga erishishda xalqaro hamkorlarning qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etdi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘lidagi strategik hamkoriga aylandi.

– O‘zbekiston butun Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi islohotchi sifatida tan olingan, – dedi YeTTB prezidenti Odil Reno-Bassobu. – Bu borada O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz va men 2024 yilda va undan keyingi yillarda ham kuchli hamkorligimizdan umidvorman.

Forum doirasida O‘zbekiston tadbirkor ayollari va hunarmandlarining “Sharq bozori” xayriya ko‘rgazma-yarmarkasi hamda taniqli fotograf Muhiddin Alining yurtimiz olimlari, shifokorlari, o‘qituvchilari, ijodkorlari, sportchilari, hunarmand va boshqa ayollari portretlaridan iborat “O‘zbekiston ayollari hayotida bir kun” ijodiy fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.

***  

Tashrif doirasida Senati Raisi Tanzila Norboyeva Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘tgan yili may oyida Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, tadbir keng muhokamalar o‘tkazish va jahon iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim maydonga aylangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ta’kidlash joiz, o‘tgan 6 yil davomida O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bankning mamlakatimizdagi loyihalar portfeli 4 milliard yevrodan oshmoqda.

O‘zbekiston bankning beshta asosiy hamkori qatoridan joy oldi, yillik investitsiyalar hajmi bo‘yicha mamlakatimiz YeTTBning Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes sherigiga aylandi.

O.Reno-Basso YeTTBning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan mamlakatimizga oid strategiyasi O‘zbekiston-2030 strategiyasiga to‘liq mos kelishi, unda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan iqtisodiyotni yashillashtirish, inklyuzivlik va gender tengligi va raqamlashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlar aks etganini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

***  

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Buyuk Britaniya Jamoatlar palatasi Spikeri Lindsli Xoyl bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya munosabatlarining keng doirasi, xususan, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, mehnat munosabatlari, gender tengligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, qonun ijodkorligi faoliyati va parlament nazorati yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish, ikki mamlakat qonun chiqaruvchilari o‘rtasida amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikka oid masalalarda “O‘zbekiston – Buyuk Britaniya” do‘stlik guruhi imkoniyatlaridan keng foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

***

Shuningdek, Buyuk Britaniyaga amaliy tashrifi doirasida Senat Raisi bir guruh vatandoshlarimiz bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida ishtirokchilar o‘zlarining erishgan yutuqlari va rejalari, jumladan, YeTTBning mamlakatimizga oid dasturi faoliyatini kengaytirish hamda O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan boshqa loyihalar bilan o‘rtoqlashdi.

Do‘stona va samimiy kechgan uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar va tadbirlar haqidagi yangiliklar muhokama qilindi.

Uchrashuv jarayonida mamlakatimiz hayotining turli sohalari bo‘yicha fikr almashildi hamda taraqqiyotga turtki bo‘ladigan takliflar bildirildi. Vatandoshlarimiz yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.

 

N.Abduraimova, O‘zA