Iyul oyida Vashingtonda Shimoliy alyans sammiti bo‘lib o‘tadi. NATO shungacha mamlakatlar qurolli kuchlari bir-birining chegarasiga erkin kirishi imkonini beruvchi “Harbiy Shengen” masalasini kelishib olishi mumkin, deb yozdi “Times” gazetasi.
– Tashkilot yetakchilari ko‘p yillardan buyon Shengen hududiga o‘xshash harbiy tartibni joriy qilishga intilmoqda, – deyilgan xabarda. – Bu loyiha a’zo mamlakat harbiylariga ittifoq tarkibidagi davlatlar chegaralarini erkin kesib o‘tish imkonini beradi. Yevropada qator harbiy yo‘laklar tashkil qilish bo‘yicha olib borilayotgan muzokara natijasi Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan sammitgacha e’lon qilinishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, hozir NATO transchegaraviy o‘quv-mashqlarida qog‘ozbozlik juda kuchaygan. Kutilmaganda harbiy inqiroz yuzaga kelsa, byurokratiya jiddiy pand berishi tayin.