O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Mazkur qarorga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi tashkil etiladi.

Loyiha ofisi quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda yangi mexanizmlarni joriy qilishga mas’ul etib belgilanadi:

davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini va davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini to‘liq joriy etish;

kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy ta’lim tizimi va ilm-fan sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, tibbiyot xodimlarini ularning mehnati natijalaridan kelib chiqib munosib rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish va sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, tibbiyot muassasalarining akkreditatsiya qilinishini ta’minlash, ularning mustaqilligini mustahkamlash va javobgarligini oshirish;

tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini takomillashtirish;

infarkt, insult, shikastlanish va jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng hamda suyak-mushak tizimi kasalliklari mavjud bo‘lgan bemorlarni tibbiy reabilitatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish;

“Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirishga ko‘maklashish;

davlat xaridlari samarasi va shaffofligini oshirish, farmatsevtika sohasini isloh qilish;

sanitariya qoida va normalarini zamonaviy talablar asosida yangilash.

Qaror bilan Sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.

O‘zA