Bugun, 28 yanvardan e’tiboran Qatar futbol maydonlarida o‘tkazilayotgan Osiyo kubogi musobaqasining 1/8 final bahslari boshlanadi.
1/8 final bahsining ilk kungi o‘yinida Avstraliya – Indoneziya va Tojikiston – BAA jamoalari maydonga tushishadi.
Qit’a kubogi 1/8 final bosqichi juftliklari orasida biz uchun e’tiborlisi, 30 yanvar kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston – Tailand terma jamoalari o‘rtasidagi “duel”, albatta.
Qatar yashil maydonlarida kechayotgan mazkur nufuzli musobaqada milliy terma jamoamiz g‘oliblik uchun kurash olib borayotgan bo‘lsa, yurtimiz futbol hakamlarining o‘yinlarni boshqarishda ishtirok etayotgani ham alohida ahamiyatga egadir.
Ilgiz Tantashev bosh hakam, Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordamchi hakam sifatida 30 yanvar kuni Osiyo kubogining 1/8 final bosqichida o‘tadigan Saudiya Arabistoni – Janubiy Koreya bahsini boshqarib boradi. O‘zbekiston – Tailand o‘yinini boshqarib boradigan hakamlar xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu o‘yinda bosh hakam sifatida malayziyalik Muhammad Nazmi bin Nasaruddin harakatlansa, hamyurtlari Muhammad Zairul hamda Arif Shamil qanotlarda ish olib boradi. Zaxira hakamligiga esa ummonlik Ahmad Abu Bakar Said al-Kaf belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo kubogi 1/8 final o‘yinlari 31 yanvarga qadar davom etadi. 1/4 final o‘yinlari 2-3 fevral, 1/2 finallar 6-7 fevral va final uchrashuvi 10 fevral kuni tashkil etiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA