Isroil armiyasining G‘azo sektoriga bergan zarbasi natijasida yana bir OAV xodimi qurbon berildi, deb xabar berdi “Al-Aqso ovozi” radiosi.
Ma’lum bo‘lishicha, marhum ushbu radio boshlovchisi, falastinlik Iyod Al-Ruvvag.
Qayd etilishicha, jurnalist G‘azo markazidagi Nusayrat qochqinlar qo‘nalg‘asiga hujumi chog‘ida halok bo‘lgan.
Otishma payti Iyodning bir necha oila a’zosi ham halok bo‘lgan.
Shu tariqa G‘azoda 7 oktyabrdan buyon hayotdan ko‘z yumgan jurnalistlar soni 120 nafarga yetdi.
26 yanvar ertalab qamaldagi hududning markaziy qismiga uyushtirilgan hujum tufayli kamida 14 nafar falastinlik halok bo‘lgani xabar qilingandi.
“WAFA” ma’lumotiga ko‘ra, Isroil armiyasi Falastin anklavidagi turli aholi manzillariga havodan va quruqlikdan zarba bergan.