Joriy yilning 1 fevral kuni Toshkentda uchinchi bor xodimlar va kompaniyalarni samarali boshqarish bo‘yicha ekspertlar hamda amaliyotchilar jam bo‘ladi.

Forum O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Rossiya boshqaruv rahbarlari uchun yangi yilning ilk keng ko‘lamdagi biznes tadbiri bo‘ladi.

Unda transformatsiya va o‘zgarishlarni boshqarish, innovatsiyalar va korporativ madaniyat, ekspatlar va mahalliy jamoalarning o‘zaro hamkorligi, oilaviy kompaniyalarda korporativ boshqaruv, startaplar va venchur investitsiyalar, jamoa mablag‘larini boshqarish kabi har bir rahbar uchun dolzarb bo‘lgan masalalar muhokama qilinadi.

Unda Yevropa kouching assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, fan doktori Verner Regen (Germaniya), 40 yillik tajribaga ega maslahatchi, 15 biznes bestselleri muallifi Leonid Krol (Italiya), fan doktori, M.V.Lomonosov nomidagi MDU xizmat ko‘rsatgan professori Tohir Bozorov (Rossiya) va boshqalar asosiy ma’ruzachilar sifatida ishtirok etadi.

Tadbir ishtirokchilari boshqaruvning yangi yondashuvlari va vositalari haqidagi bilimlarga ega bo‘lishi, professional aloqalar tarmog‘ini kengaytirishi, ilg‘or texnologiyalar bilan tanishishi va xodimlarni boshqarish bilan bog‘liq innovatsion usullarni o‘rganishi mumkin bo‘ladi.

Forumga yirik va o‘rta biznes egalari va rahbarlari, HRD va HR departamenti xodimlari, funksional bo‘limlar yetakchilari, korporativ universitetlar va o‘quv markazlari direktorlari, korporativ madaniyat, kommunikatsiyalar va tashkiliy rivojlanish yo‘nalishlari rahbarlari taklif etilgan.

N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA